Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvda inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat mahsulotlarining narxini barqaror ushlab turish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinayotganini, lekin aholi daromadining katta qismini dori-darmonga sarflayotganini aytdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Ixtisoslashgan markazlarga so‘nggi besh yilda 7,5 trillion so‘m mablag‘ berildi. Ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Dori yetmayapti deb birorta markaz ayta oladimi? Mana shu mablag‘lar, uskunalar va dori-darmonlar qanday ishlatilyapti? Afsuski, uskunalarning quvvatidan bor-yo‘g‘i 25 foiz foydalanilyapti”, dedi davlat rahbari Toshkent davlat tibbiyot universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
Raqamlashtirish, xorijdan hamkor topish, klinik protokollarni yangilash, ilg‘or diagnostika, profilaktika va davolashni uddalaydigan zamonaviy jamoani shakllantirish bo‘yicha ishlamagan markaz, tuman, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarma va bo‘limlarining kelajagi yo‘qligi qayd etildi.
Qaysi mahallada, tumanda qanday kasallik ko‘paygan yoki kamayganini tahlil qilib, ularning oldini olish hamda samarali davolash bo‘yicha aniq reja bilan ishlash, respublika markazlari bunday tahlil va yondashuv bilan ishni pastda tashkil qilishi, katta-katta mablag‘ evaziga olib berilgan eng zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish har qachongidan ham dolzarb ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident 8-noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, tibbiyot sohasi vakillarining xalq salomatligini asrash yo‘lidagi fidokorona mehnati uchun minnatdorlik bildirgandi. 9-noyabrda imzolangan qarori bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotladi. Shu kuni tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha ustama, mukofot va imtiyozlar joriy etish ko‘zda tutilgan “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qaror ham imzolandi.








