Semizlik Alsgeymer kasalligining rivojlanishini tezlashtirishi mumkin. Bu haqda AQSHda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga tayanib Eurnonews xabar berdi.
Tadqiqotchilarning fikricha, bu holatda kasallikning dastlabki bosqichlarida semizlikning miyaga ta’sirini aniqlashda qon testlari miyani skanerlashdan (PET) ko‘ra ancha samaraliroq bo‘lishi mumkin.
“Ilk bora semizlik va Alsgeymer kasalligi o‘rtasidagi bog‘liqlik qon biomarkerlari testlari bilan o‘lchandi”, deydi AQSHdagi Vashington universiteti Tibbiyot maktabining radiologiya va nevrologiya professori va tadqiqot mualliflaridan biri doktor Sayrus Radji.
Hali rasmiy jurnallarda chop etilmagan bo‘lsa-da, bu tadqiqot 2-dekabr kuni Shimoliy Amerika Radiologiya jamiyatining yillik yig‘ilishida taqdim etilishi kutilmoqda.
Semizlik bilan kasallik tezroq rivojlanadi
Doktor Radji guruhi besh yil davomida 407 nafar odamni kuzatib borgan, Alsgeymer belgilarini aniqlash uchun bemorlarning qon namunalari va PET skanerlash natijalari o‘rganilgan. PET skanerlari miyada Alsgeymerning asosiy belgisi bo‘lgan amiloid birikmalarining to‘planishini o‘lchasa, qon testlari kognitiv pasayish bilan bog‘liq bo‘lgan oqsillar va boshqa biomarkerlar darajasini ko‘rsatadi.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, vaqt o‘tishi bilan semizlikka chalingan odamlarda Alsgeymer patologiyasi bu kasallik bo‘lmaganlarga qaraganda tezroq rivojlangan. Shuningdek:
- semizlik tufayli qondagi plazma NfL oqsili miqdori 24 foizga tezroq oshgan;
- plazma pTau217 qon biomarkeri miqdori 29 foizdan 95 foizgacha tezroq ko‘paygan;
- amiloid birikmalarining to‘planishi esa 3,7 foizga tezroq sodir bo‘lgan.
Sayrus Radjining aytishicha, ushbu yangilik shifokorlarga Alsgeymerning rivojlanishini vaqt o‘tishi bilan kuzatishga yordam beradi. Masalan, qondagi biomarkerlar va miyani skanerlash amiloid to‘planishiga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan dorilarning samaradorligini tushunishga yordam beradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab taxminan 57 million kishi demensiyadan aziyat chekadi. Alsgeymer kasalligi demensiya holatlarining 60 dan 70 foizini tashkil etuvchi eng keng tarqalgan kasallikdir. Semizlik Alsgeymer uchun ma’lum xavf omili hisoblanadi, chunki semiz odamlarda qon bosimining yuqoriligi va 2-toifa diabet kabi holatlar ko‘proq uchraydi, bularning barchasi demensiya xavfini oshiradi.








