Shri Lankada jarrohlar erkak kishining qovug‘idan tuyaqush tuxumi kattaligidagi toshni olib tashlashdi. Ular buni tibbiyot tarixida qayd etilgan eng yirik toshlardan biri deb hisoblamoqda. Bu haqda The Independent xabar berdi.
O‘tgan haftada Trinkomali tumani kasalxonasi shifokorlari insultdan so‘ng davolanayotgan 55 yoshli bemordan og‘irligi 3,1 kilogramm bo‘lgan qovuq toshini olib tashladi. Ma’lum qilinishicha, bemor shifoxonaga taxminan bir oy oldin yotqizilgan. Biroq davolanish jarayonida shifokorlar unda peshob chiqarish qiyinlashganini payqagan va qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Operatsiyaga rahbarlik qilgan urolog Pragaladxan Balakrishnan qovuq toshi yangi tug‘ilgan chaqaloqdek og‘ir va tuyaqush tuxumidek katta bo‘lganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bemorning salomatligi juda yaxshi va u boshqa xastaliklari bo‘yicha shifoxonada davolanishni davom ettirmoqda.
“Bu muvaffaqiyat ahil jamoaviy mehnat natijasidir. Dastlabki tekshiruvlar bemorda ulkan qovuq toshi borligini ko‘rsatdi. Shundan so‘ng holat mutaxassislar jamoamizga yo‘naltirildi. Barcha zarur operativ amaliyotlardan so‘ng toshni bemorning qovug‘idan muvaffaqiyatli olib tashladik”, dedi doctor Balakrishnan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan, va hujjatlashtirilgan eng katta qovuq toshidir. Shifoxona direktori Sandamali Samarakunning so‘zlariga ko‘ra, tosh jarrohlik yo‘li bilan olib tashlangan eng katta qovuq toshi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi mumkin.
Ginnesning rekordlar kitobida qayd etilgan eng katta qovuq toshi 2003-yilda Braziliyadagi bemordan olib tashlangan bo‘lib, uning og‘irligi 1,9 kilogramm, o‘lchami esa 17,9 santimetr bo‘lgan.
Qovuq toshlari peshob qovuqda uzoq ushlanib qolganda hosil bo‘ladi. Oqibatda undagi minerallar kristallashib, toshga aylanadi. Uning ko‘p uchraydigan sabablariga prostatit kattalashishi, siydik yo‘llari to‘silishi, asab tizimi bilan bog‘liq qovuq funksiyasi buzilishi, surunkali infeksiyalar va kateterdan uzoq vaqt foydalanish kiradi.
Kichik qovuq toshlari o‘z-o‘zidan tushib ketishi mumkin. Ammo o‘lchami 1 santimetrdan katta bo‘lgan toshlar siydik oqimini to‘sib qo‘yadi va davolanishni talab qiladi. O‘lchami 4 santimetrdan oshgan toshlar esa ulkan qovuq toshlari tasnifiga kiradi.








