Daryo

“AQSH Isroilni qo‘llashni to‘xtatgan taqdirda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkin” — Eron oliy rahnamosi

Oyatulloh Ali Xomanaiy hamkorlik uchun Vashington mintaqadan harbiy bazalarini olib chiqib ketishi, mintaqa ishlariga aralashmasligi va asosiysi, sionistik rejimni qo‘llashni bas qilishi kerakligini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish1 620 ko‘rishlar0 izoh2

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH bilan hamkorlik Vashington Isroilni qo‘llab-quvvatlashni butunlay to‘xtatgan taqdirdagina ko‘rib chiqilishini aytdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

“Agar ular sionistik rejimni (Isroilni) qo‘llashni butunlay bas qilsa, mintaqadagi harbiy bazalarini olib chiqib ketsa va mintaqa ishlariga aralashishni to‘xtatsa, shundagina hamkorlik haqida o‘ylash mumkin. AQSH o‘zining mag‘rur tabiati bilan faqat bo‘ysunishni talab qiladi”, degan Xomanaiy.

U bu so‘zlarni Tehronda 3-noyabr kuni talabalar bilan uchrashuvda, 1979-yilda Islom inqilobidan so‘ng AQSH elchixonasi bosib olingan kun munosabati bilan aytgan. Xomanayning bayonoti Eron va Isroil o‘rtasidagi 12 kunlik urushdan bir necha oy o‘tib yangramoqda.

Iyun oyida Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlarini boshlagan, bunga javoban Eron raketa va dron zarbalari bilan javob bergan edi. AQSH qisqa muddatga bu mojaroga qo‘shilib, Eron yadroviy obyektlariga zarba bergan. 24-iyun kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Eron bir necha yillardan beri xalqaro sanksiyalar bosimi ostida qolmoqda. Qo‘shma Shtatlar 2018-yilda yadroviy kelishuvdan chiqib, sanksiyalarni qayta joriy qilganidan so‘ng vaziyat yanada og‘irlashgan. Sentyabr oyida esa Britaniya, Fransiya va Germaniya BMT sanksiyalarini mamlakatga qarshi qayta kiritgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham Xomanaiyning gaplariga o‘xshash fikrlarni bildirgan. U 2-noyabr kuni Al Jazeera telekanaliga quyidagicha intervyu bergan:

“Tehron AQSH bilan muzokaralarga tayyor, biroq faqatgina yadroviy dastur masalasida. Biz raketa dasturimiz bo‘yicha muzokara olib bormaymiz. Gap teng huquqlilik va o‘zaro manfaat asosida bo‘lishi kerak. Amerikaliklar shoshilayotgani yo‘q — biz ham shoshilmaymiz”, degan u.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar