Madridning “Real” klubi bosh murabbiy Xabi Alonso bilan munosabatlari sovuqlashganiga qaramay, hujumchi Vinisius Junior bilan shartnomani uzaytirish niyatida. Bu haqda Football-Espana nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, klub rahbariyati braziliyalik futbolchi bilan muzokaralarni davom ettirishni istamoqda. “Real” kiyinish xonasida Vinisius va Alonso o‘rtasida aloqa yaxshi emasligi tasdiqlangan bo‘lsa-da, klub futbolchini jamoada olib qolish uchun harakatlarni to‘xtatmoqchi emas.
Manbada yozilishicha, tomonlar 2025-yilning boshida yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan, ammo braziliyalik hujumchi jamoaning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga bo‘lishni istamoqda. Klub rahbariyati esa uning talablarini qanoatlantirmoqchi emas. Shundan keyin muzokaralar to‘xtab qolgan.
Avvalroq Vinisius “Real”dan ketish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani va agentiga yangi jamoa topish bo‘yicha topshiriq bergani ma’lum qilingandi. Shuningdek, unga “PSJ” klubi ham jiddiy qiziqish bildirayotgani aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Vinisius La Liganing 10-turi doirasidagi “Barselona”ga qarshi o‘yinning (2:1) 72-daqiqada almashtirildi. Hujumchi murabbiyning bu qarordan norozi bo‘lgan va unga jiddiy tarzda e’tiroz bildirgan.
Joriy mavsumda Vinisius barcha musobaqalar doirasida jami 19 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 6 ta gol hamda 5 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Umuman olganda 25 yoshli braziliyalik futbolchi 2018-yildan beri “Real” safida to‘p suradi. U jamoa bilan Ispaniya chempionatida uch karra, Chempionlar Ligasida esa ikki karra g‘olib bo‘lgan. Vinisius “Real” tarkibida 335 o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 111 ta gol va 87 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Shu bilan birga, u Braziliya terma jamoasi safida 43 ta o‘yinda 8 ta gol va 7 ta assist qayd etgan.








