Madridning “Real” klubi hamda braziliyalik futbolchi Vinisius Junior yangi shartnoma imzolashi mumkin. AS nashrining yozishicha, klub ham, futbolchi ham hamkorlikni davom ettirishni istaydi. Madridliklar 25 yoshli hujumchini jamoaning kelajagi sifatida ko‘rmoqda. Shu bois tomonlar yangi bitim imzolash uchun yana muzokara boshladi.
Manbaga ko‘ra, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyin yuzaga kelgan ayrim kelishmovchiliklar hafta oxirigacha hal qilinadi. Bu esa sport jihatidan ham, klub imiji va iqtisodiy tomondan ham foyda keltirishi ta’kidlanmoqda. Yangi bitimning aniq moliyaviy shartlari oshkor qilinmagan, ammo futbolchi yiliga sof 17 million yevro maosh olishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, uning klubdagi mavqei ham oshishi belgilangan.
Avvalroq “Real” futbolchi bilan xayrlashishga tayyorligi hamda 150 million yevro evaziga transfer qilishi mumkinligi aytilgandi. Shuningdek, unga “Manchester Siti” jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi
Ma’lumot uchun, Vinisius 2018-yildan beri “Real” safida o‘ynab keladi va shu vaqt davomida 338 ta o‘yinda ishtirok etib, o‘z hisobiga 111 ta gol hamda 87 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 150 million yevroga baholamoqda.








