Daryo

O‘zbekistonda yarim yilda 18 mlrd so‘mlik dori-darmon aholiga bepul berildi

“Reimbursatsiya” dasturi doirasida poliklinikalarda 28 turdagi dori vositalari aholiga bepul berilmoqda. Joriy yilning dastlabki olti oyida 348 ming nafar bemorga 718 mingta retsept shakllantirilgan.

2 daqiqa o‘qish2 283 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda yarim yilda 18 mlrd so‘mlik dori-darmon aholiga bepul berildi, deb xabar qilmoqda SSV.

Vazirlik Tibbiy sug‘urta boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 1-iyuldan Navoiy va Samarqand viloyatlari, 1-oktyabrdan esa Buxoro, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida tizimning yangi mexanizmi ishga tushirilgan.

2024-yil 1-oktyabrdan Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi tajriba tariqasida yo‘lga qo‘yilgan edi. Bugungi kunga qadar tizimda bir qator natijalarga erishilgan.

Ma’lum qilinishicha, tizim joriy etilgan hududlarda 167 ta tibbiyot muassasasi bilan xizmatlar xaridi bo‘yicha shartnomalar imzolangan. Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari “aholi jon boshiga”, statsionarlar “har bir davolangan holat” bo‘yicha, ayrim muassasalar esa “global byudjet” asosida moliyalashtirilmoqda.

Natijada birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga murojaatlar 20 foizga oshgan, tor soha mutaxassislariga murojaatlar 12 foizga, tuman va shahar shifoxonalarida davolangan bemorlar soni esa 16 foizga kamaygan.

“Reimbursatsiya” dasturi doirasida poliklinikalarda 28 turdagi dori vositalari aholiga bepul berilmoqda. Joriy yilning dastlabki olti oyida 348 ming nafar bemorga 718 mingta retsept shakllantirilib, jami 18 milliard so‘mlik dori-darmon tarqatilgan.

Shuningdek, shifoxonalarga asossiz yotqizish holatlari 40 foizdan 18 foizgacha kamaygan. Tibbiyot muassasalari 51 milliard so‘mlik 22,5 ming dona kompyuter texnikasi bilan ta’minlangan, “Yagona tibbiyot tizimi” (DMED)ga ulangan va 45 mingdan ortiq tibbiyot xodimi IT yo‘nalishida o‘qitilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, 2026-yil yakuniga qadar davlat tibbiy sug‘urtasining yangi mexanizmini mamlakatning barcha hududlarida joriy etish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun jarimalarni oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi 14-oktyabr kuni deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanishi fuqarolarda turli og‘irlikdagi zaharlanish va o‘lim holatlarini keltirib chiqaradi. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2021 va 2023-yillarda dori vositalaridan zaharlangan shaxslar soni 18 ming nafardan oshgan. Shundan 177 nafarda o‘lim holati kuzatilgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar