Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi fuqarolarni botulizmga xos og‘ir klinik belgilarni keltirib chiqarayotgan xavfli kosmetologik vositalardan ogohlantirdi.
Ma’lum qilinishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga murojaat qilgan ayrim bemorlarda og‘ir nojo‘ya reaksiyalar kuzatilgan. Bemorlar kosmetologik maqsadlarda botulinotoksin saqlovchi Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy hamda Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex mahsulotlaridan foydalangani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, ushbu preparatlar O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lib, ularning xavfsizligi, sifati va samaradorligi baholanmagan. Hozirda mazkur mahsulotlarning kelib chiqishi va noqonuniy muomalasi yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar ushbu preparatlarni qo‘llagan shaxslarda ko‘rishning xiralashishi, qovoqlarning tushib qolishi, yutinish va nafas olishning qiyinlashishi, nutq buzilishi yoki mushaklar kuchsizligi kabi alomatlar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilishni tavsiya etmoqda.
Markaz aholini internet orqali taklif etilayotgan shubhali mahsulotlarni sotib olmaslikka, ularni qo‘llashni darhol to‘xtatishga va dori vositalarini faqat rasmiy savdo tarmoqlari orqali xarid qilishga chaqirdi.








