Yevropa davlatlari Ukraina bilan birgalikda urushni to‘xtatishga qaratilgan 12 ta punktdan iborat tinchlik rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Dastlabki kelishuv shartlariga ko‘ra, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganidan so‘ng, har ikki tomon front chizig‘ini hozirgi holatda mustahkamlab, kelgusida hujumkor harakatlardan voz kechishi kerak bo‘ladi.
Rejada deportatsiya qilingan barcha bolalarni Ukrainaga qaytarish, harbiy asirlarni almashish, Kiyevga xavfsizlik kafolatlari berish va vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash uchun moliyaviy yordam koʻrsatish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish arizasini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish va’da qilingan. Reja Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni ham oʻz ichiga oladi.
Ammo Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan 300 milliard dollarlik aktivlariga kirish huquqini Moskva faqat “Ukrainaning urushdan keyingi qayta qurilishida moliyaviy ishtirok etishga rozilik berganidan keyin” oladi.
Agar Rossiya harbiy harakatlarni qayta boshlab yuborsa, cheklovlar qayta tiklanadi. Alohida punkt sifatida “bosib olingan hududlarning maqomi bo‘yicha muzokaralarni boshlash” kiritilgan. Ularni na Yevropa, na Ukraina tomonidan “Rossiyaniki sifatida huquqiy tan olish” nazarda tutilgan.
- Tinchlik taklifining tafsilotlari hali ham ishlab chiqilmoqda va o‘zgarishi mumkin
Rejaning har qanday yakuniy versiyasi Vashington bilan kelishilishi kerak. Yevropa davlatlari vakillari shu haftadayoq AQSHga tashrif buyurishi mumkin.
Tashabbus ko‘p jihatdan Donald Trampning yondashuvini aks ettiradi, u o‘tgan hafta muzokaralarga o‘tishdan oldin tomonlarning hozirgi pozitsiyalarda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan edi.
“Rossiya avvalroq og‘ir yo‘qotishlar davom etayotganiga qaramay, bunday takliflarni rad etgan edi”, deya eslatdi Bloomberg.
Tramp 16-oktyabr kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, shundan so‘ng tomonlar Budapeshtda yuzma-yuz uchrashishi mumkinligi haqida kelishib oldi.
Biroq keyinroq Moskva jangovar harakatlarni to‘xtatishga rozi bo‘lmagani sababli Amerika prezidenti bu rejalardan voz kechdi, deb xabar berdi Reuters manbalari. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH davlat kotibi Marko Rubioning Putin-Tramp sammitiga tayyorgarlik ko‘rishi kerak bo‘lgan uchrashuvi ham bekor qilindi.








