Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp tomonidan taklif qilingan urushni to‘xtatish rejasiga munosabat bildirdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Putin oʻz fikrini Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan tezkor yig‘ilishda bildirgan.
“Biz bu haqda jamoatchilik oldida deyarli gaplashmadik, faqat umumiy tarzda, lekin bu hech qanday sir emas: Trampning Ukrainadagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha tinchlik rejasi Alyaskadagi uchrashuvdan oldin muhokama qilingan, Amerika tomoni bizdan ma’lum kelishuvlarga borishimizni so‘ragan edi”, dedi Putin.
U ayrim murakkab masalalar va qiyinchiliklarga qaramay, Rossiya bu takliflarga rozilik bildirganini aytdi. Putinga koʻra, Alyaskadagi muzokaralardan so‘ng Amerika tomoni tanaffus eʻlon qilgan. U buni Tramp taklif qilgan rejani Ukraina rad etgani ehtimoli bilan izohladi. Shu sabab yangi, “modernizatsiya qilingan” 28 ta banddan iborat reja paydo bo‘lganini aytdi.
“Bu hujjat bizda bor, uni AQSH ma’muriyati bilan mavjud aloqa kanallari orqali oldik. Menimcha, u ham yakuniy tinchlik kelishuviga asos bo‘lishi mumkin, ammo uning matni biz bilan batafsil muhokama qilinmayapti”, dedi Rossiya prezidenti.
Shuningdek, Putin agar Ukraina bu rejani muhokama qilishni istamasa, Ukraina hududlarining Rossiya qurolli kuchlari nazoratiga o‘tishi (misol sifatida Kupyansk shahri keltirildi) yana takrorlanishini mumkinligini daʻvo qildi.
“Balki bu biz xohlaganchalik tez bo‘lmasa-da, muqarrar ravishda takrorlanadi. Umuman olganda, bu bizni qoniqtiradi, chunki qurolli kurash orqali maqsadlarimizga erishishga olib keladi. Lekin biz, ilgari ham ko‘p marta aytganimdek, tinchlik muzokaralarga, muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishga ham tayyormiz. Biroq, bu, albatta, taklif etilayotgan rejaning barcha tafsilotlarini batafsil muhokama qilishni talab etadi. Biz bunga tayyormiz”, dedi Vladimir Putin.
- Trampning tinchlik rejasi nimalardan iborat?
Ukrainalik deputat Aleksey Goncharenko AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasini e’lon qildi. Hujjat quyidagi asosiy qoidalarni o‘z ichiga oladi:
Hududiy masalalar
- Qrim, Lugansk va Donetsk de-fakto Rossiya hududlari sifatida tan olinadi;
- Xerson va Zaporojye hududlari to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab muzlatiladi;
- Ukraina Donetsk oblastining bir qismidan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. U yerda qurolsizlantirilgan bufer zona tashkil etiladi.
Xavfsizlik va xalqaro maqom
- Ukraina NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishni konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlaydi;
- Alyans Ukrainani qabul qilmaslikni qonuniy ravishda belgilaydi;
- Ukraina armiyasi soni 600 ming kishi bilan cheklangan;
- Ukraina hududida NATO qo‘shinlarini joylashtirish taqiqlanadi;
- Ukraina yadrosiz davlat maqomini mustahkamlaydi.
Energetika
- Zaporojye atom elektr stansiyasi MAGATE xalqaro kuzatuvi ostida ishga tushiriladi;
- Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Rossiya va Ukraina o‘rtasida teng taqsimlanadi (50/50);
- AQSH va Ukraina gaz infratuzilmasini, jumladan, quvurlar va omborlarni tiklash va modernizatsiya qilishda hamkorlik qiladi.
Iqtisodiy jihatlari
- Rossiya sanksiyalar bekor qilingan holda jahon iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich qaytadi;
- Rossiya G8 ga (“Katta sakkizlik”) qaytish uchun taklifnoma oldi;
- Rossiyaning muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlaridan foydalangan holda Ukrainani tiklash jamg‘armasi tashkil etiladi;
- AQSH hamda Yevropa Ukraina infratuzilmasi va iqtisodiyotini tiklashga sarmoya kiritadi.
Kafolatlar va nazorat
- AQSH Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etadi;
- Bitimning bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha Amerika—Rossiya ishchi guruhi tuziladi;
- Rossiya Yevropa va Ukrainaga hujum qilmaslik siyosatini qonun yo‘li bilan mustahkamlaydi;
- Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomalarning amal qilishi uzaytiriladi.
Gumanitar masalalar
- Harbiy asirlarni to‘liq almashish va garovga olingan fuqarolarni qaytarish amalga oshiriladi;
- Ukraina kelishuv imzolangandan keyin 100 kun o‘tgach, saylov o‘tkazadi;
- Mojaroning barcha ishtirokchilari uchun to‘liq amnistiya nazarda tutiladi.
Hujjat barcha tomonlar qabul qilganidan so‘ng zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va kelishuv bajarilishini nazorat qilish uchun Donald Tramp raisligida Tinchlik kengashini tuzishni nazarda tutadi.








