Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida 80 dan ortiq tibbiyot xodimiga kafolatlangan toʻlovlar berilmagani aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Tuman sogʻliqni saqlash boʻlimida mehnat qonunchiligiga rioya qilinish holati oʻrganilgan.
Maʼlum boʻlishicha, ish beruvchi xodimlarga mehnat shartnomasi bekor qilinishi boʻyicha ogohlantirish bergan, biroq amalda ishsiz boʻlib kelgan xodimlarga kafolatlangan toʻlovlar toʻlab berilmagan.
Mehnat kodeksining 100-moddasida ish qidirish davrida ikki oygacha oʻrtacha ish haqi saqlanishi kafolatlangan. Shunga koʻra, 82 nafar tibbiyot xodimiga jami 574 336 165 soʻm miqdoridagi toʻlovlar toʻliq undirib berildi.
Avvalroq Oʻzbekistonda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish boʻyicha yangicha yondashuv boʻlishi maʼlum qilingandi.
Shu bilan birga, 2025-yil III choragida Head Hunter platformasida taklif etilgan oyliklar oʻrtacha 20,2 foizga kamaygan. Ayrim sohalarda ish haqlari 72 foizgacha qisqargan.








