O‘zbekistonda 2025-yil yanvar–sentyabr oylarida o‘rtacha oylik nominal (soliq va boshqa to‘lovlarni o‘zi ichiga olgan) hisoblangan ish haqi 6 million 166 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga o‘sdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilishicha, hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi doimgidek, Toshkent shahrida kuzatilgan — 10,3 mln so‘m. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,7 foizga ko‘p. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (7,6 mln so‘m), Toshkent (5,8 mln so‘m), Andijon (4,9 mln so‘m) hamda Buxoro (4,9 mln so‘m) viloyatlari qayd etilgan.
Eng kam o‘rtacha ish haqi Namangan (4,5 mln so‘m), Surxondaryo (4,3 mln so‘m), Qashqadaryo (4,2 mln so‘m) viloyatlarida kuzatilgan.
O‘rtacha oylik nominal ish haqi iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda esa eng yuqori o‘sish sur’atlari san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida qayd etildi. Xususan, mazkur sohada 2024-yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 122,8 foizni tashkil etib, ish haqi miqdori 5 mln 114,7 ming so‘mga yetgani kuzatildi.
Shuningdek, ta’lim yo‘nalishida ham sezilarli o‘sish qayd yetilib, ish haqi miqdori 4,1 mln so‘mni tashkil etdi (o‘sish — 19,8 foiz). Tashish va saqlash sohasida o‘rtacha ish haqi 9,3 mln so‘mni tashkil etib, 16,7 foizga, axborot va aloqa sohasida esa 14,9 mln so‘mga yetdi (16,6 foiz o‘sish). Sanoat sohasida o‘rtacha ish haqi 7,3 mln so‘mni tashkil etib, 16,3 foizga oshgani qayd etildi.
Shu bilan birga, qurilish sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 342,6 ming so‘m bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,2 foizga oshdi. Yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida bu ko‘rsatkich 5 mln 122,8 ming so‘mni tashkil etib, 10,1 foizga, savdo sohasida 6 mln 875,6 ming so‘mni tashkil etib, 12,1 foizga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar yo‘nalishida 3 mln 765,4 ming so‘mni tashkil etib, 14,6 foizga oshdi. Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasida esa o‘rtacha oylik ish haqi 16 mln 828,9 ming so‘mni tashkil etib, 15,6 foizga o‘sdi.








