AQSH prezidenti Donald Tramp 16-oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat yetakchilari yaqin kelajakda Vengriya poytaxti Budapeshtda uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Tramp va Putin oxirgi marta 15-avgust kuni Alyaskada yuzma yuz uchrashgan edi. Telefon suhbati esa uchrashuvdan keyingi ilk muloqot bo‘ldi. O‘shandan beri Tramp Rossiya Ukrainaga qarshi urushni tugatishga intilmayotganidan noroziligini bir necha bor bildirdi. Shuningdek, Amerikaning uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalarini Kiyevga yetkazib berishga va’da berdi.
Oldindan e’lon qilinmagan telefon suhbati Trampning 17-oktyabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvidan bir kun oldin bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar Tomahawk raketalarini yetkazib berishni muhokama qilishi kutilmoqda.
Telefon suhbati Moskva tashabbusi bilan amalga oshdi
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Yuriy Ushakovning aytishicha, Putin telefon orqali suhbatda Trampni Kiyevga ushbu raketalarni yetkazib berish Rossiya va AQSH munosabatlariga jiddiy zarar yetkazishi, shuningdek, Ukrainadagi vaziyatni hal qilish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirgan. Qo‘ng‘iroq Moskva tashabbusi bilan amalga oshirilgan va ikki soatdan ortiq davom etgan.
“Prezidentlar navbatdagi shaxsiy uchrashuvni o‘tkazish imkoniyatini muhokama qildi. Bu juda muhim masala. Ikki davlat vakillari kechiktirmasdan, masalan, Budapeshtda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan sammitga tayyorgarlik ko‘rish masalalari bilan shug‘ullanishlari kelishib olindi”, dedi Ushakov.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban o‘z hududida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv rejalaridan xabar topgach, u ham Tramp bilan telefonda gaplashganini aytdi.
“AQSH-Rossiya sammitiga tayyorgarlik boshlanmoqda. Vengriya — tinchlik orolidir!”, deb ta’kidladi Orban.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Amerika va Rossiya prezidentlarining rejalashtirilgan uchrashuvi sayyoradagi tinchlikni istovchi barcha insonlar uchun ajoyib yangilikdir”.
“Bu juda yaxshi, samarali suhbat bo‘ldi. U ikki soatdan ortiq davom etdi. Putin prezident Trampni Isroil va G‘azo o‘rtasidagi mojaroni hal etgani hamda Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelgani bilan tabrikladi”, dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt.
Uning aytishicha, Putin AQSHning birinchi xonimi Melaniya Trampga ushbu “shafqatsiz mojaroda” jabrlanganlar ukrainalik bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatgani uchun minnatdorlik bildirgan.
“Bugungi suhbat davomida katta yutuqlarga erishildi deb o‘ylayman...Biz, shuningdek, Ukraina bilan urush tugagandan so‘ng Rossiya va AQSH o‘rtasidagi savdo-sotiq qanday bo‘lishi haqida uzoq muhokama qildik”, deb yozdi Tramp o‘zi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Tramp va Putin uchrashuvi yaqin ikki hafta ichida bo‘lib o‘tishi mumkin
Prezidentlarning shaxsiy uchrashuvi kelasi hafta Rossiya va AQSHning yuqori darajadagi delegatsiyalari uchrashganidan so‘ng bo‘lib o‘tadi. AQSH nomidan davlat kotibi Marko Rubio ishtirok etadi, uchrashuv joyi va Rossiya delegatsiyasi tarkibi hali aniqlanmagan. Tramp suhbatni juda samarali deb atagan va natijada “sezilarli muvaffaqiyat”ga erishilganini qo‘shimcha qilgan.








