Rossiya Ukrainada saylov o‘tkazish talabi orqali hokimiyat almashuvini ko‘zlamoqda. Urush sharoitida saylovni tashkil etish uchun kamida ikki oylik sulh zarur. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ukrainaning ayrim hamkorlari undan prezidentlik saylovi va bahsli hududlar bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qilmoqda.
O‘ylaymanki, hamkorlarimiz bitta savolga javob berishi kerak: ular nimani xohlaydi? Ular rostdan ham saylovni xohlayaptimi yoki shunchaki meni almashtirishmoqchimi? O‘ylashimcha, rossiyaliklar shunchaki meni boshqaga almashtirmoqchi, dedi Zelenskiy.
U buning uchun Rossiya “jismoniy yo‘q qilish yoki boshqa qadamlardan” foydalanishi mumkinligini ta’kidladi. Buning zamonaviy yo‘li esa saylovlar o‘tkazish talabi ekanini aytdi.
Men hech qachon amerikaliklarning bizga tinchlikni qaytarib beradigan takliflarini bloklab qo‘ymaganman. Agar ikki oylik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lsa, men parlament bilan gaplashish va ularni — hatto jamiyat qo‘llab-quvvatlamayotgan bo‘lsa ham — urush paytida saylov o‘tkazishga ko‘ndirish uchun qo‘limdan kelganini qilaman, dedi prezident.
Zelenskiy ikki oylik sulh bo‘lsa ham, bu urush tugaganini anglatmasligini ta’kidladi. U rossiyaliklar amerikaliklarga bir yoki ikki hafta ichida saylov o‘tkaza olishini aytayotganiga e’tibor qaratdi.
Uning aytishicha, parlamentda ko‘plab partiyalar bor va hatto urush davrida ham turli masalalar bo‘yicha qarashlar farqlanadi. Parlamentga shunchaki bosim o‘tkazib bo‘lmaydi, deputatlar bilan gaplashib, saylovlar nima uchun kerakligining haqiqiy sabablarini tushuntirish kerak.Yo‘q, ular doimo bir narsani unutadi: biz — Rossiya emasmiz, dedi Ukraina prezidenti.
Birinchi kuchli qadamni tashlang, saylovlar uchun ikki oyga o‘t ochishni to‘xtatish talabi bilan Rossiyaga bosim qiling. Ular (amerikaliklar) “uy ishlari”ni bajarishi kerak. Saylovlar o‘tkazish mavzusini ularning o‘zi ko‘targan, dedi Zelenskiy.
Ukraina qonunlariga ko‘ra, harbiy holat davrida prezident va parlament saylovlari o‘tkazilmaydi. Rossiya bosqini sababli mamlakatda bu saylovlar belgilangan muddatlarda o‘tkazilmadi. Rossiya hukumati esa bundan foydalanib, Zelenskiyning “noqonuniy prezidentligi” haqida bayonotlar berib kelmoqda.
2025-yil dekabrida AQSH prezidenti Donald Tramp tinchlik muzokaralari fonida Ukraina prezidentlik saylovini tashkil etish “vaqti kelganini” aytgandi. O‘shanda Zelenskiy AQSH va Yevropa xavfsizlikni ta’minlasa, 60–90 kun ichida saylov o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.
Fevral oyida Financial Times manbalarga tayanib, Zelenskiy prezidentlik saylovi va referendumni Rossiya bilan urush boshlanganining to‘rt yilligi — 24-fevral kuni e’lon qilishi mumkinligini yozgan edi. Ukraina prezidenti bunga javoban “bu haqda birinchi marta eshitayotgani”ni qayd etgan.








