AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy harakatni boshlamasa, tinchlik uchun imkoniyatni qo‘ldan boy berishini bildirdi. Bu haqda Deutsche Welle nashri xabar bermoqda.
Shuningdek, Tramp jurnalistlardan birining Myunxen xavfsizlik konferensiyasida jahon yetakchilariga qanday xabar yetkazishni istashi haqidagi savoliga ham javob bergan.“Rossiya kelishuv tuzmoqchi va Zelenskiy harakatni boshlashi kerak. Aks holda u bu ajoyib imkoniyatni qo‘ldan boy beradi. U harakat qilishi kerak”, dedi Amerika yetakchisi Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida.
“Yagona xabar shundan iboratki, NATO bilan munosabatlarimiz a’lo darajada”, dedi Tramp.
Avvalroq Zelenskiy AQSH tomonidan urushni yakunlash bo‘yicha bosim bo‘layotganini aytgandi. Financial Times esa Tramp ma’muriyati Kiyevdan 15-mayga qadar prezidentlik saylovlari va Rossiya bilan tinchlik shartnomasi shartlari bo‘yicha referendum o‘tkazishni talab qilmoqda. Aks holda, Ukraina Qo‘shma Shtatlar tomonidan taqdim etilgan xavfsizlik kafolatlarini yo‘qotishi mumkin.
Rossiya-Ukraina mojarosi bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarning navbatdagi bosqichi qachon va qayerda o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Kreml ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya, Ukraina va AQSH delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi 17-18-fevral kunlari Jenevada bo‘lib o‘tishi kerak. Ukraina prezidenti ma’muriyati vakili bu ma’lumotni tasdiqladi.
Mojaroni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralarning avvalgi bosqichi 4-5-fevral kunlari Abu-Dabida bo‘lib o‘tgandi. Unda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etdi. Rossiya delegatsiyasiga Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov, Ukraina delegatsiyasiga esa prezident ofisi rahbari Kirill Budanov boshchilik qildi. Tomonlar muzokaralarni “samarali” deb baholagan. Uchrashuv kun tartibidan iqtisodiy jihatlar, hududiy masala hamda o‘t ochishni to‘xtatish mexanizmlari o‘rin olgan.








