Daryo

Dunyodagi eng keksa prezident sakkizinchi bor saylovda ishtirok etadi

Kamerunni 1982-yildan beri boshqarib kelayotgan prezident bunday murakkab xalqaro sharoitda vazifasidan kecha olmasligini ta’kidlamoqda.

1 daqiqa o‘qish1 938 ko‘rishlar0 izoh0

Kamerunda 92 yoshli prezident Paul Biya sakkizinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ydi. Bu mamlakat yoshlari orasida norozilikka sabab bo‘lmoqda.

Prezidentlik lavozimini 1982-yildan beri egallab kelayotgan Biyaning hukumatiga yosh aholi qatlami o‘zgartirish kiritishni xohlamoqda. Mamlakatda saylov kuni yaqinlashar ekan, ko‘pchilik yoshlar saylovdan umidini uzmoqda. Chunki hukumat amaldorlarining aksari Biya tarafdori sanaladi. Navbatdagi prezidentlik saylovi 12-oktyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

“U allaqachon juda qarib qolgan. Hayotimizda faqat bitta prezident bo‘lishi bizni charchatdi”, deydi aholi vakillaridan biri 34 yoshli Elvis Ngxobo.

Mamlakat aholisining yarmini 18 yoshdan kichiklar tashkil etadi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ishsizlik darajasi 3,5 foizga teng. Shuningdek, 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ishchi kuchining 57 foizi norasmiy sektorlarda faoliyat yuritadi. Prezident Biya saylov arafasida mamlakatda og‘ir muammolar borligini aytib, lavozimni tark eta olmasligini bildirmoqda.

“Borgan sari murakkablashib borayotgan xalqaro sharoitda biz duch kelayotgan muammolar tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Bunday vaziyatda men o‘z vazifamdan kecha olmayman”.

Ayni vaqtda Kamerunning g‘arbiy hududlarida ajralib chiqishga urinish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Shimolga esa qo‘shni Nigeriyaning Boko Haram qo‘zg‘oloni tahdid solmoqda. Saylovda Biyaga qarshi 9 nafar nomzod ishtirok etmoqda. Ulardan ba’zilari avvalgi hukumat a’zolari sanaladi. Eng kuchli muxolifat yetakchilaridan biri, 2018-yilda 14 foiz ovoz to‘plagan Mauris Kamto bu safar saylovda qatnasha olmaydi. Sababi uning partiyasi chetlashtirilgan.

Tahlilchilarning fikricha, Kamerundagi siyosiy elitalar Biyaning hokimiyatda qolishini xohlaydi, chunki unga “barqarorlik kafolati” sifatida qaraladi. Parlamentda hokimiyat partiyasi deyarli barcha o‘rinlarni egallagan. Yoshlar esa saylov orqali hokimiyat almashishiga ishonmayapti. 27 yoshli talaba Manung Vilfrid  prezidentlikka nomzodlar unga manzur kelmasa-da, faqatgina vatanparvarlik sababli ovoz berishini bildirgan.

“Prezident o‘z vaqtida mamlakatni boshqa, yoshroq va xalqni tushunadigan rahbarga topshirishi kerak”, degan u.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar