Kolumbiyada 21-iyun kuni prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, o‘ng qanot nomzod Abelardo De La Espriella kichik farq bilan g‘alaba qozondi.
Saylovchilar uning jinoyatchilikka qarshi keskin kurashish va iqtisodiyotni mustahkamlash haqidagi va’dalariga ovoz berdi. Uni AQSH prezidenti Donald Tramp ham qo‘llab-quvvatlagan edi.
Byulletenlarning deyarli 100 foizi hisoblab chiqilgach, De La Espriella 49,66 foiz ovoz to‘plagani ma’lum bo‘ldi. Uning raqibi, senator Ivan Sepeda esa 48,70 foiz ovoz oldi. Ular o‘rtasidagi farq taxminan 250 mingta ovozni tashkil qildi.
63 yoshli Sepeda mamlakatning amaldagi prezidenti Gustavo Petroning siyosatini davom ettirishga va’da bergan edi. Petro Kolumbiya tarixidagi birinchi so‘l qanot prezident hisoblanadi. Sepeda kambag‘allarga davlat pensiyalarini to‘lash, mehnat islohotlari, yangi neft loyihalariga moratoriy joriy etish va qurolli guruhlar bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirishni rejalashtirgan edi.
De La Espriella esa mamlakatdagi iqtisodiy va xavfsizlik muammolarida, jumladan qurolli guruhlarning kengayishida Petroning o‘zini aybladi. U isyonchilar va jinoiy guruhlar bilan muzokaralarni to‘xtatishga va’da berdi.
Shuningdek, neft va gaz sohasini rivojlantirish, soliqlarni kamaytirish va davlat apparatini 40 foizgacha qisqartirishni maqsad qilgan. Biroq u Petroning eng kam ish haqini 23 foizga oshirish qarorini va boshqa ommabop ijtimoiy choralarni saqlab qolishini aytdi.
“Men barcha kolumbiyaliklar uchun prezident bo‘laman. Menga ovoz berganlar uchun ham, boshqa nomzodni tanlaganlar uchun ham ishlayman”, dedi De La Espriella Barrankilya shahridagi tarafdorlari oldida.
U barcha fuqarolarning huquqlarini hurmat qilishga va’da berdi. Yangi prezident g‘alabadan keyin AQSH prezidenti Donald Tramp unga qo‘ng‘iroq qilib, tabriklaganini ma’lum qildi. De La Espriella ayni paytda AQSH va Italiya fuqaroligiga ham ega. Uning bir nechta davlatda uylari bor.
De La Espriella kasbi bo‘yicha advokat bo‘lib, siyosiy tajribaga ega emas. U endi katta davlat qarzi muammosiga ham duch keladi. U o‘zini muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida ko‘rsatgan edi. Ammo La Silla Vacia nashri surishtiruvi buni inkor qildi. Ma’lum bo‘lishicha, uning ko‘plab kompaniyalari yopilgan yoki qarzdorlikka botgan. Ular 2024-yilda zarar bilan ishlagan. Uning eng ko‘p daromad keltiruvchi biznesi faqat yuridik firmasi bo‘lgan.
Lotin Amerikasida o‘ng qanot vakillarining hokimiyatga kelishi faqat Kolumbiyada kuzatilayotgani yo‘q. Chili, Argentina, Kosta Rika, Boliviya va Ekvadorda ham oxirgi saylovlarda o‘ng qanot nomzodlar g‘alaba qozondi. Peruda esa 7-iyundagi saylov ovozlari hamon hisoblanmoqda.
Tramp Kolumbiyaning amaldagi prezidenti Petro bilan yaxshi munosabatda emas edi. Uning De La Espriellani ochiq qo‘llab-quvvatlagani AQSH Kongressidagi demokratlar tomonidan tanqid qilindi. Tramp iyun oyi boshida ushbu saylov natijalari Kolumbiya kelajagi va uning AQSH bilan munosabatlari uchun juda muhimligini aytgan edi. Petro esa Trampni saylovga aralashishda ayblagandi.








