Daryo

Tramp navbatdagi AQSH prezidentlik saylovida kimni qo‘llab-quvvatlashini aytdi

Oq uy rahbari bir necha oy davomida vitse-prezident va davlat kotibini o‘zaro raqib deb bilgan. Endilikda esa u faqat bir kishini ochiqchasiga qo‘llamoqda.

2 daqiqa o‘qish9 053 ko‘rishlar0 izoh4

AQSH prezidenti Donald Tramp 2028-yilgi prezidentlik saylovi uchun o‘zi ma’qul ko‘rgan nomzodni tanladi va vitse-prezident Jey Di Vensni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashni boshladi. Bu haqda Oq uyning yuqori martabali rasmiylariga tayanib MS NOW xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Tramp bir necha oy davomida Vens va davlat kotibi Marko Rubioni o‘zaro raqib deb bilgan. U saylov kampaniyasi maslahatchilari hamda donorlardan ularning tanlovi haqida so‘rab-surishtirgan. Beshta manbaning bildirishicha, so‘nggi haftalarda prezident buni to‘xtatgan.

“Hozir hammasi ‘Jey Di bizning odamimiz, biz unga yordam berishimiz kerak’ degan qarorga kelgan”, dedi Tramp administratsiyasining yuqori martabali rasmiysi.

Manbalar Tramp va Vens o‘rtasidagi munosabatlarda burilish nuqtasi sifatida Vensning “Munosabat: e’tiqodga qaytish yo‘lim” xotira kitobini targ‘ib qilish press-turini ko‘rsatmoqda. O‘shanda vitse-prezident liberal qarashdagi nashrlarga bir nechta intervyu bergan edi.

Telekanal manbalariga ko‘ra, Vensning “yarim dushmanona muhitda” administratsiya pozitsiyasini ilgari surish qobiliyati prezidentning e’tiborini tortgan. Ushbu ma’lumotni tasdiqlagan ikki manbaga ko‘ra, Tramp shaxsiy suhbatda Vensning vazn yo‘qotganini ham maqtagan.

Manbalardan birining qo‘shimcha qilishicha, Tramp iyul oyida AQSH va Eron o‘rtasidagi anglashuv memorandumining barbod bo‘lganidan afsusda ekanini bildirgan. Ushbu muzokaralarga Vens mas’ul edi. Telekanal Tramp o‘zgaruvchan fe’l-atvorga egaligi va uning atrofdagilarga munosabati o‘zgarib turishi bilan tanilganini alohida ta’kidladi.

Iyul oyi boshida Axios nashri ham Vens prezident Trampning so‘zsiz siyosiy davomchisiga aylanib borayotgani haqida xabar bergan edi.

“Jey Di bunga loyiq va Tramp buni ko‘rmoqda. Davlat kotibi Marko Rubio baribir nomzodini qo‘ymoqchi emas edi, endi esa bu ehtimol yanada kamaydi”, dedi Trampning yuqori martabali maslahatchisi.

May oyining oxirida The New York Times nashri Tramp Jey Di Vens uning o‘rnini egallay olishiga ishonchi komil emasligini yozgan edi. Nashr xabariga ko‘ra, prezident Vensni qo‘llab-quvvatlashda davom etgan, lekin shaxsiy suhbatlarda uni boshqa potensial nomzodlar bilan solishtirgan.

Vens va Rubio hozircha prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatida ekanini rasman e’lon qilmadi. Rubio 2016-yilda o‘z nomzodini qo‘ygan, lekin praymerizda Trampga yutqazib, poygadan chiqqan edi.

Ilgariroq Rubio agar Vens nomzodini qo‘yishga qaror qilsa, uni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Financial Times nashrining yozishicha, davlat kotibi ehtimoliy muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikdan qochish maqsadida Eron bilan muzokaralardan o‘zini chetga olgan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Tramp o‘z siyosiy faoliyati yakunlanganidan keyin Amerikaning ko‘plab ommaviy axborot vositalari bankrot bo‘lishini aytgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar