Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasi loyihasiga ko‘ra, mamlakat prezidenti lavozimiga Qozog‘istonda tug‘ilgan, 40 yoshdan katta shaxs saylanishi va bu lavozimni faqat bir marta yetti yil muddatga egallashi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan konstitutsiya loyihasi matnida aytilgan.
Konstitutsiyaviy loyihaning 43-moddasi 1-bandiga muvofiq, “Qozog‘iston Respublikasi prezidenti konstitutsiyaviy qonunga binoan, Qozog‘iston Respublikasining voyaga yetgan fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan yetti yil muddatga saylanadi. Bir shaxs konstitutsiyaga muvofiq faqat bir marta Qozog‘iston Respublikasi prezidenti etib saylanishi mumkin”.
Matnda “ushbu moddaning 1-bandi qoidalari o‘zgarmas” deb ta’kidlangan. Loyihada “Qozog‘iston Respublikasi prezidentining yaqin qarindoshlari davlat xizmatchilari, kvazidavlat sektori subyektlari rahbarlari lavozimlarini egallash huquqiga ega emas” deyilgan.
Mamlakatning amaldagi konstitutsiyasida ham shunday qoidalar mavjud bo‘lib, ular 2022-yilda o‘tkazilgan asosiy qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumdan so‘ng qo‘shilgan. O‘shanda prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan, qayta nomzodini qo‘yish taqiqlangan va davlat rahbarining yaqin qarindoshlariga davlat ishtirokidagi kompaniyalarda siyosiy lavozimlarni egallash cheklangan.
Davlat rahbari lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar o‘zgarishsiz qolgan. Bular yoshi, tug‘ilganlik bo‘yicha fuqaroligi, asosiy qonunda qozoq tili deb belgilangan davlat tilini bilishi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, shuningdek, besh yil davomida davlat xizmatida yoki saylanadigan lavozimlarda ishlash tajribasiga ega bo‘lishi zarurligini o‘z ichiga oladi.
Prezident saylovi davlat rahbari vakolatlari tugaganidan so‘ng ikki oy ichida o‘tkazilishi to‘g‘risidagi ilgari taklif etilgan norma alohida qo‘shilgan. Amaldagi konstitutsiya matnida “respublika prezidentining navbatdagi saylovi dekabr oyining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi” deyilgan.
Prezident saylovida birinchi turda 50 foizdan ortiq ovoz to‘plagan nomzod g‘olib deb e’tirof etilishi taklif qilinmoqda. Agar hech kim saylovchilarning yarim ovozini ololmasa, ikki nomzod ishtirokida ikkinchi tur o‘tkaziladi va unda ko‘proq ovoz olgan nomzod g‘olib deb topiladi. Prezidentga partiyaga a’zo bo‘lish, deputat bo‘lish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Bu qoidalar amaldagi konstitutsiyada ham allaqachon o‘z aksini topgan.
Qayd etish lozim, prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2025-yil 8-sentyabrida Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida bir palatali parlamentga o‘tish tashabbusini ilgari surgandi. Hozirgi kunda Qozog‘iston parlamenti ikki palatadan - senat va majlisdan iborat. Yangi parlament Qurultoy deb nomlanadi. Unda mandatlar soni 145 tagacha bo‘lishi mumkin. Hozirda ularning soni 148 nafar. Deputatlar yagona tartib asosida saylanadi. Shuningdek, parlament tarkibida 8 ta qo‘mita bo‘lishi mumkin. O‘z navbatida, Qozog‘istonda vitse-prezident lavozimi ham joriy etiladi.








