“Oʻzgidromet” 2025-yilning sentyabr oyida kuzatilgan ob-havo maʼlumotlarini tahlil qildi. Oʻrganishlarga koʻra, oʻtgan oyda harorat iliq va keskin oʻzgarishlarsiz boʻlgan.
Rekordlarsiz sentyabr
Sentyabrda aksar hududlarda havo harorati 29-34 daraja, eng issiq kunlarda 35-37 darajagacha, janubda 38-40 darajagacha yetgan.
Oyning ikkinchi yarmida respublika boʻyicha harorat qisqa muddatga salqinlashib, kechasi va ertalab 9-14 daraja, kunduz kunlari 23-26 darajadan oshmagan. Janubiy hududlarda esa bu koʻrsatkich 29-31 daraja atrofida boʻlgan.
Sentyabrning ikkinchi 10 kunligi boshida Qoraqalpogʻistonda harorat 23-28 darajagacha, oyning eng oxirgi kunlarida 18-20 darajagacha pasaygan.
Hududning katta qismida oʻrtacha oylik havo harorati meʼyordan 1,2-2,3 darajaga yuqori, shimolda baʼzi joylarda meʼyor atrofida boʻlgan.
“Meteorologik kuzatuvlarning tarixiy qatori uchun oʻtgan sentyabr oyida respublika janubi va Fargʻona vodiysi eng iliq sentyabr oylari uchligiga, respublikaning markaziy hududlari esa beshligiga kirdi”, deya qayd etgan manba.
Umuman olganda, oʻtgan oyda havo avvalgi yillar sentyabrlaridagi eng yuqori yoki past harorat rekordlaridan uzoq bo‘ldi.
Eng issiq va salqin hududlar
Sentyabrda eng issiq havo Surxondaryo viloyati Termiz shahrida kuzatilib, harorat 39,5 darajagacha koʻtarilgan. Bu hududda 1997-yilning sentyabr oyi eng issiq kechgani, harorat 41,5 darajagacha yetgani bildirilgan. Qolgan hududlarda tarixda bundan yuqoriroq koʻrsatkich qayd etilmagan.
Joriy yil kuzning ilk oyida Sirdaryo (37,2 daraja), Jizzax (36,6 daraja) hamda Navoiy (36,3 daraja) shaharlarida ham nisbatan issiq harorat kuzatilgan.
Oʻtgan oyda eng salqin havo (7,8 daraja) Nukus shahrida qayd etilgan. Shuningdek, Navoiy (8,5 daraja) hamda Urganchda (8,8 daraja) nisbatan past harorat kuzatilgan.
“Oʻzgidromet” kuzatuvlari tarixida 1973-yil sentyabrda Oʻzbekiston boʻyicha eng sovuq havo Xorazm viloyati Urganch shahrida qayd etilgani, harorat -2,8 darajagacha pasaygan. Tahlilda oʻsha yili Nukusda ham qariyb -2,5 daraja sovuq boʻlgan eslangan.
Yomgʻirsiz sentyabr
Tahlillarga koʻra, oʻtgan sentyabr oyi juda quruq sharoitlar bilan ajralib turdi. Oʻzbekiston hududining katta qismida yomgʻirlar umuman yogʻmadi yoki yomgʻir izlari (0,0-0,5 millimetr) kuzatildi.
Faqat Qoraqalpogʻistonda yogʻgan yomgʻir miqdori oylik meʼyordan 2-3 barobar, ayrim hududlarda oylik meʼyordan 4-7 barobar koʻp boʻldi. Ushbu hududda yogʻingarchilik meʼyori sezilarli darajada koʻp boʻlishi, oyning oxirida yogʻgan jadal yomgʻirlar (sentyabr oyi meʼyori 2 millimetrdan 4 millimetrgacha boʻlganda 7-11 millimetr) hisobiga yuz bergan.
“Shimolda, janubda va choʻl hududlarda, kamdan kam hollarda markaziy hududlarda baʼzi joylarda shamolning kuchayishi 13-18 metr/sekundgacha, Ustyurtda 22 metr/sekundgacha boʻlishi qayd etildi. Ayrim joylarda shamolning kuchayishi chang-toʻzonlar bilan kuzatildi. Tez-tez changli gʻuborlar vujudga keldi”, deya maʼlumot bergan “Oʻzgidromet”.
Tahlilda 22 sentyabr kuni respublika poytaxtini changli gʻubor qoplagani ham eslab oʻtilgan.
“Koʻrinuvchanlik 4 kmga pasaydi. Chang sovuq front bilan birga Oʻzbekistonning choʻl hududlaridan va janubiy Qozogʻiston hududidan kirib keldi. Atmosferada hosil boʻlgan harorat inversiyasi havoning konvektiv oʻzgarishiga va gʻuborni tarqalishiga toʻsqinlik qildi. Gʻubor va uning hisobiga hosil boʻlgan havoning ifloslanish darajasi yuqori boʻlishi Toshkentda bir kecha-kunduz atrofida saqlanib turdi”, deyiladi manba axborotida.
Avvalroq “Oʻzgidromet” oktyabrda ob-havo qanday boʻlishini prognoz qilgandi. Kutilmalarga koʻra, oy davomida oʻrtacha harorat sentyabrdagiga nisbatan 6–7 daraja, respublika shimolida 8-9 darajaga past boʻladi.








