Qozog‘istonning Kostanay viloyatida va poytaxt Ostonada 28-sentyabr kuni kechga tomon yog‘gan yomg‘irli qor aholi uchun kutilmagan ob-havo sovg‘asi bo‘ldi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi.
Ostona shahrida hozirda havo harorati +2 darajani ko‘rsatmoqda. Ayrim tumanlarda elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelib, svetoforlar ishlamay qolgan. Bu esa tirbandliklarga sabab bo‘lib, haydovchilar va piyodalar orasida asabiylikni kuchaytirgan. Politsiya haydovchilarga ogohlantirish berib, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni so‘ramoqda.
Shaharda taksi narxlari ham keskin oshib ketgan. Avvallari 2,5 kilometr masofa uchun 600 tenge (13 ming so‘m) to‘langan bo‘lsa, hozir bu narx 1680–1800 (taxminan 40 ming so‘m) tengegacha yetgan. Elektr uzilishlarini bartaraf etish uchun 6 ta avariya brigadasi ish olib bormoqda. Ma’lum bo‘lishicha, qor faqatgina shahar markazini emas, balki unga yaqin hududlarni ham qamrab olgan.
Bu kabi hodisa mamlakatda ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q. Qozog‘istonning Sharqiy viloyatlaridan birida — Beluxa tog‘lari atrofida 2023-yilda birinchi qor 14-avgustda yog‘gan edi.








