Daryo

Rossiya poytaxtida qor qalinligi 72 yillik rekordni yangiladi

Moskvani “Valli” sikloni qurshab olib, o‘tgan sutka davomida poytaxtga oylik yog‘ingarchilik normasining 64 foizi yog‘di.

2 daqiqa o‘qish35 636 ko‘rishlar0 izoh22

Rossiya poytaxti Moskvada qor qalinligi rekord darajadagi 80 santimetrga yetdi. Bu poytaxtda oxirgi 72 yil ichida kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu haqda “RIA Novosti” nashri Moskva davlat universitetiga tayanib xabar berdi.

Universitet Meteorologiya va iqlimshunoslik kafedrasi ma’lumotlariga ko‘ra, shaharning turli nuqtalarida qor qalinligi turlicha, biroq barchasi rekord darajada. Xususan, Moskva davlat universiteti hududida 80 santimetr (mutlaq rekord), “Balchug” stansiyasida esa 77 santimetr.

Bundan oldingi eng yuqori ko‘rsatkich 2013-yilning 26-martida qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda qor qalinligi 77 santimetrni tashkil etgan edi.

Kommunal xizmatlar kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda

Shaharga 19-fevral kuni yopirilib kelgan misli ko‘rilmagan qor bo‘roni oqibatlarini bartaraf etish uchun shahar kommunal xizmatlari butun tunni ko‘chada o‘tkazdi. Tozalash ishlariga barcha maxsus texnikalar, favqulodda vaziyatlar xodimlari va yirik muhandislik kompaniyalari jalb qilingan.

Hozirda metropoliten bekatlari, avtobus bekatlari va piyodalar yo‘laklari qordan tozalanib, ko‘chalarga muzlashga qarshi vositalar sepilmoqda. Moskva xalqa avtomobil yo‘li va Yangi Moskva hududida og‘ir yuk mashinalariga yordam berish uchun maxsus shatakchi traktorlar va kranlar navbatchilik qilmoqda. Temiryo‘llarni tozalashda esa ham relsda, ham yo‘lda yura oladigan gibrid texnikalardan foydalanilmoqda.

Parvozlar bekor qilindi

Qalin qor va noqulay ob-havo poytaxt aviatsiyasiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Moskva aeroportlarida 16 ta reys bekor qilindi va bitta samolyot muqobil aerodromga yo‘naltirildi.

“Valli” sikloni

Moskvaga kuchli bo‘ronni “Valli” sikloni olib keldi. O‘tgan sutka davomida poytaxtga oylik yog‘ingarchilik normasining 64 foizi yog‘di. Bu oxirgi 56 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shamol tezligi soniyasiga 17 metrgacha yetdi.

Fobos ob-havo markazi mutaxassisi Yevgeniy Tishkovetsning so‘zlariga ko‘ra, fevral oyi uchun belgilangan iqlimiy norma deyarli qayd etilib bo‘lingan. Biroq qorli ob-havo yana kamida besh kun davom etishi, 23-fevral kuni (Vatan himoyachilari kuni)esa yana bir kuchli qor bo‘roni bo‘lishi kutilmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar