Turkiya va Iroq o‘rtasidagi xom neft quvuri ikki yarim yillik tanaffusdan so‘ng qayta ishga tushdi. Bu haqda Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar 27-sentyabr kuni ma’lum qildi.
Bayraktarning aytishicha, quvur liniyasi 2023-yil 6-fevralda yuz bergan kuchli zilzilalardan keyin to‘xtatilgan edi. Davlat quvur operatori BOTAS uni o‘sha yilning oktyabr oyida texnik jihatdan ishga tayyor holatga keltirgan.
Huddi shu kuni Iroqning rasmiy axborot agentligi INA ham Kurdiston mintaqasidan xom neft eksporti qayta yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Fishxabur neft konidan eksportni qayta yo‘lga qo‘yish jarayonida Kurdiston mintaqasi delegatsiyasi, Iroq markaziy hukumati hamda bir qator neft kompaniyalari vakillari ishtirok etgan.
Iroq bosh vaziri Muhammad Shiyo’ As-Sudoniy bu haqda 25-sentyabr kuni bayonot berib, Kurdiston mintaqasida qazib olinayotgan neft Iroq–Turkiya quvuri orqali eksport qilinishini ma’lum qilgan edi.
“Bugun tarixiy kelishuvga erishdik. Endilikda Iroq neft vazirligi Kurdiston mintaqasida ishlab chiqarilayotgan xom neftni qabul qilib oladi va Iroq–Turkiya quvuri orqali eksport qiladi”, degan As-Sudoniy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Kurd mintaqasi hukumati oldinroq mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan eksportni tiklash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani, ammo bu borada Iroq neft vazirligining qarori kutilayotgani haqida xabar bergan edi.








