Gruziyadagi yagona neftni qayta ishlash zavodi Kulevi Yevropa sanksiyalariga tushib qolmaslik uchun shu yozning oxirigacha Rossiya neft xomashyosini qayta ishlashni to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu haqda 1-iyul kuni zavod rahbariyati bayonot berdi.
“Shu yilning avgust-sentyabr oylaridan boshlab kompaniya faqat Rossiyaniki bo‘lmagan neftni qayta ishlashga o‘tadi”, deyiladi zavod egasi bo‘lgan Black Sea Petroleum kompaniyasi bayonotida.
2025-yilning oktyabr oyida ishga tushirilgan Kulevi zavodi 2026-yilning birinchi yarmida 650 ming tonna xom neftni qayta ishlagan. Fevral oyida Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush sababli ushbu zavodni o‘zining 20-sanksiyalar paketiga kiritish bilan tahdid qilgan edi. Biroq keyinchalik Bryussel sanksiyaga tushgan “soyalar floti” kemalarining Kulevi zavodi yonidagi Ozarbayjonga tegishli portga kirishi taqiqlanishi haqida kafolatlar oldi va fikridan qaytdi.
Black Sea Petroleum bosh direktori David Potsxveriya mart oyida bergan bayonotida Rossiya nefti o‘rnini Turkmaniston va Qozog‘istondan keltiriladigan xomashyo bilan to‘ldirish rejalashtirilganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, manbalarning diversifikatsiya qilinishi kompaniyaga tayyor mahsulotlarni yangi bozorlarga, jumladan, Yevropa Ittifoqiga eksport qilish imkonini beradi.
2-iyul kungi bayonotda kompaniya Rossiya neftidan voz kechish mahsulotlar uchun “yuqori daromadli bozorlar eshigini ochishini” ta’kidladi. Shuningdek, kompaniya AQSHning Honeywell konglomerati bilan yuqori texnologiyali uskunalar va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda.
Black Sea Petroleum 2027-yildan boshlab asfaltdagi bog‘lovchi modda hisoblangan yo‘l bitumini ishlab chiqarishni boshlaydi. Bundan tashqari, zavod kelajakda aviakerosin qayta ishlashni ham rejalashtirmoqda.
Rossiya Hindistondan benzin sotib olishni boshladi
Ukrainaning energetika infratuzilmasiga uyushtirgan hujumlari sababli Rossiyada yonilg‘i taqchilligi yuzaga keldi. Moskva bu muammoni hal qilish uchun Hindistondan dengiz yo‘li orqali benzin import qilishni boshladi. Bu haqda 1-iyul kuni soha va tarmoqqa oid ikkita manba Reuters agentligiga ma’lum qildi.
Rossiya Energetika vazirligi va Hindiston Neft vazirligi bu holat bo‘yicha berilgan so‘rovlarga javob bermadi. Tarmoqdagi manbaning aytishicha, Hindistondan Rossiyaga kamida 60 ming metrik tonna benzin jo‘natilgan. Yana bir manbaning so‘zlariga ko‘ra, har biriga 30 mingdan 40 ming tonnagacha yuk ortilgan ikkita tanker jo‘natilgan.








