Daryo

Sudanda qurolli guruh hujumi oqibatida 75 kishi halok bo‘ldi

Qurbonlar El-Fasher shahridagi masjidlardan birida ibodat qilayotgan bo‘lgan. Hujum hukumatga qarshi qurolli guruh tomonidan amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda.

1 daqiqa o‘qish1 252 ko‘rishlar0 izoh1

Sudandagi El-Fasher shahrida Tezkor yordam kuchlari (Rapid Support Forces — RSF) qurolli guruhining dron hujumi oqibatida masjidda ibodat qilayotgan 75 kishi halok bo‘ldi. Bu The Guardian xabar berdi.

Hujum shaharning Al-Daraja hududida sodir bo‘lgan, bu yerga ilgari Abu Shouk qochqinlar lageridan ko‘chgan aholi joylashgan edi.

“Jasadlar masjid vayronalari ostidan chiqarib olindi”, dedi favqulodda yordam kuchlari vakillari.

Ushbu hujum El-Fasherda 2025-yilda sodir bo‘lgan eng qonli hujumlardan biri sifatida ta’riflanmoqda. RSF hodisaga hozircha izoh bergani yo‘q. RSF va Sudan qurolli kuchlari o‘rtasida 2023-yil aprel oyidan buyon fuqarolik urushi davom etmoqda. El-Fasher — Darfurdagi mamlakat armiyasiga tegishli so‘nggi yirik tayanch nuqta hisoblanadi. Shahar bir yildan ortiq vaqtdan beri qurshovda qolmoqda.

Yel universitetining Gumanitar tadqiqotlar laboratoriyasi ma’lumotlariga ko‘ra, RSF El-Fasher atrofida paxsa devor qurmoqda. Bundan maqsad shahardagi aholini qamalda ushlab turishdir. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari RSF kuchlarining turli hududlarda, jumladan Abu Shouk lageri va sobiq BMT tinchlik bazasi atrofida ham harakat qilayotganini ko‘rsatgan.

Foto: The Guardian

Shahar va uning atrofi so‘nggi oylar davomida artilleriya va dron hujumlariga muntazam duchor bo‘lmoqda. Avgust oyining 10 kuni davomida kamida 89 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. BMT inson huquqlari bo‘yicha bosh komissarligi ayrim o‘limlar “sudsiz o‘ldirish” holatiga o‘xshash ekanini bildirgan.

BMTning yangi hisobotiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–iyun oylarida Sudan bo‘ylab, asosan Darfurda, kamida 3 384 nafar odam halok bo‘lgan. Bu raqam 2024-yildagi qurbonlarning 80 foiziga teng.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar