Daryo

Sudanda dron hujumi sabab 10 kishi halok bo‘ldi

Hodisa Obayd shahrida qayd etildi, qurbonlarning 7 nafarini bolalar tashkil etadi.

2 daqiqa o‘qish3 526 ko‘rishlar0 izoh1

Sudanning  Obayd shahriga 5-yanvar kuni amalga oshirilgan dron hujumi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi. Tibbiy manbalarning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning yetti nafari yosh bolalardir. Bu haqda Arab News xabar berdi.

Strategik shahar qamal holatida

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, zarba Shimoliy Kordofan viloyatining markazi — Obayd markazidagi turar joy binosiga berilgan. Hozirda shahar Sudan armiyasi nazorati ostida bo‘lib, raqib tomon — “Tezkor harakat kuchlari” (TYK) bir necha oylardan buyon uni qurshab olishga urinmoqda.

Obayd mintaqadagi eng muhim shahar bo‘lib, u poytaxt Xartumni mamlakat g‘arbidagi Darfur viloyati bilan bog‘lovchi strategik chorrahada joylashgan. O‘tgan 2025-yilning oktyabr oyida armiya Darfurdagi o‘zining so‘nggi yirik pozitsiyasini boy bergan edi.

Vaziyat tobora keskinlashmoqda

Darfurdagi g‘alabadan so‘ng TYK kuchlari Kordofan orqali mamlakatning markaziy yo‘lagini qayta egallashga intilmoqda. Ular o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda armiya nazoratidagi bir qancha shaharlar atrofida qamalni kuchaytirgan. Armiya 2025-yilda TYKning Obayddagi qamalini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan edi, biroq shundan beri harbiylashtirilgan guruh shaharni qayta qurshab olishga harakat qilmoqda.

So‘nggi marta yakshanba, 4-yanvar, kuni amalga oshirilgan dron hujumlari shaharda elektr ta’minoti uzilishiga sabab bo‘lgandi, biroq qurbonlar haqida xabar berilmagan. O‘tgan haftada armiya bilan ittifoqdosh qurolli guruhlar Obayddan janubdagi bir qancha shaharlarni qayta egallaganini ma’lum qilgan. Bu janubiy Kordofanning qamal qilingan Dilling shahri bilan aloqa yo‘lini ochishga imkon berishi aytilmoqda.

Dunyodagi eng yirik gumanitar inqirozi

2023-yilning aprel oyidan buyon davom etayotgan Sudan urushi o‘n minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi. BMT tomonidan “vahshiyliklar urushi” deb ta’riflangan ushbu nizo dunyodagi eng yirik ocharchilik va ko‘chish inqirozini keltirib chiqardi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 12 milliondan ortiq odam qochqinga aylangan. Mintaqadagi yuz minglab odamlar ommaviy ocharchilik xavfi ostida qolmoqda. 2023-yilda boshlangan ushbu fuqarolar urushi hozirgacha o‘n minglab odamlarni hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar