Daryo

Sudanda hayit kuni shifoxonaga qilingan dron hujumi oqibatida 64 kishi halok bo‘ldi — JSST

Hujum uchun mas’uliyatni na mamlakat armiyasi, na muxolif “Tezkor yordam kuchlari” o‘z zimmasiga oldi.

2 daqiqa o‘qish2 571 ko‘rishlar0 izoh1

Sudanning asosiy shahar shifoxonasiga 21-mart, hayit kuni dronlar bilan hujum uyushtirildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning ma’lum qilishicha, buning oqibatda 64 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Hujum uchun mas’uliyatni mamlakat armiyasi ham, “Tezkor yordam kuchlari” (TYK) ham o‘z zimmasiga olmadi. JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyesusning aytishicha, Sharqiy Darfur shtati poytaxti al-Dain shahridagi o‘quv shifoxonasiga berilgan zarba oqibatida 13 nafar bola, ikki nafar hamshira, bir shifokor va bemorlar hayotdan ko‘z yumgan. Shuningdek, 89 kishi turli darajadagi jarohatlar olgan.

“Yetarli darajada qon to‘kildi”, deb yozdi JSST rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida deyarli uch yil avval boshlangan fuqarolar urushini to‘xtatishga chaqirib.

TYK vakillarining ta’kidlashicha, armiya droni musulmonlar Ramazon hayitini nishonlayotgan kunda shifoxonaga zarba bergan. Hujum oqibatida tibbiyot muassasasining yuqori qavati butunlay vayron bo‘lgan, qabul bo‘limiga jiddiy zarar yetgan va hayotiy muhim tibbiy uskunalar ishdan chiqqan.

O‘z navbatida, Sudan harbiylari ushbu ayblovlardan hayratda ekanini bildirib, armiya doimo “xalqaro norma va qonunlar”ga amal qilishini ta’kidladi.

“Tibbiy yordam ko'rsatish maskanlari hech qachon nishon bo‘lmasligi kerak. Tinchlik — eng yaxshi doridir”, deya qo‘shimcha qildi Tedros.

Sudandagi fuqarolar urushi 2023-yil aprel oyida, 2021-yilgi davlat to‘ntarishidan so‘ng ittifoqchi bo‘lgan armiya va TYK o‘rtasida hokimiyat uchun kurash boshlanishi oqibatida kelib chiqqan edi. O‘shandan buyon 150 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, 12 millionga yaqin fuqaro (aholining deyarli uchdan biri) o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.

BMT bu holatni dunyodagi eng yirik gumanitar inqiroz deb atamoqda. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb uch yillik mojaro davomida tibbiyot muassasalariga 213 marta hujum uyushtirilgan va buning oqibatida jami 2 036 kishi qurbon bo‘lgan. Hozirda al-Dain shifoxonasi o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatgan.

“Favqulodda vaziyatlar advokatlari” (Emergency Lawyers) guruhi ushbu holat bo‘yicha mustaqil va shaffof tergov o‘tkazishni hamda aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilmoqda. Mazkur shifoxona shahar va atrof qishloqlardagi minglab tinch aholi uchun yagona hayotiy muhim tibbiy maskan edi.

Hozirda Sharqiy Darfur va Kordofan mintaqalari urushning yangi front chizig‘iga aylangan bo‘lib, bu yerda deyarli har kuni dron hujumlari kuzatilmoqda. AQSH boshchiligidagi tinchlik sa’y-harakatlariga qaramay, Afrikadagi eng qonli to‘qnashuvlardan biri hisoblangan ushbu urushning yakuni ko‘rinmayapti. Shu sababli ham bu yil Sudanda Ramazon hayiti bayrami o‘ta xomush kayfiyatda o‘tdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar