Daryo

Sudandagi urushda tinch aholi o‘limi ikki yarim barobar oshdi — BMT

Minglab qurbonlarning shaxsi hali ham aniqlanmagan yoki bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.

2 daqiqa o‘qish2 744 ko‘rishlar0 izoh2

Sudanda davom etayotgan qonli fuqarolar urushi oqibatida 2025-yilda tinch aholi orasida qurbon bo‘lganlar soni 2024-yilga nisbatan ikki yarim baravarga ko‘paydi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Turkka tayanib, Al Arabiya xabar berdi.

“Ma’nosiz va shafqatsiz qirg‘in”

2023-yilning aprelidan buyon Sudan muntazam armiya va “Tezkor yordam kuchlari” (TYK) o‘rtasidagi shafqatsiz to‘qnashuvlar girdobida qolmoqda. BMT Inson huquqlari kengashiga hisobot bergan Volker Turk urushni “xunuk, qonli va ma’nosiz” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, minglab qurbonlarning shaxsi hali ham aniqlanmagan yoki ular bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.

“2025-yilda mening boshqarmam hujjatlashtirgan ma’lumotlar tinch aholi o‘limi o‘tgan yilga nisbatan 2,5 baravar oshganini ko‘rsatmoqda”, dedi Turk.

Oliy komissar har ikki tomonni ham gumanitar sulhni rad etayotganlikda va “yuqori texnologiyali” mojaroni moliyalashtirayotgan xorijiy homiylarni aybladi.

Darfurdagi dahshatlar

Hisobotda TYK guruhining aprel oyida Zamzam qochqinlar lageriga hamda oktyabr oyida armiyaning G‘arbiy Darfurdagi so‘nggi tayanchi bo‘lgan Al-Fashr shahriga uyushtirgan hujumlari “ommaviy qirg‘in” deb ta’riflandi.

Shuningdek, jinsiy zo‘ravonlik ko‘lamining ortishi alohida tashvish bilan qayd etildi. 2025-yilda 500 dan ortiq zo‘rlash, guruh bo‘lib zo‘rlash va jinsiy qullik holatlari hujjatlashtirilgan.

“Sudanlik ayollar va qizlarning tanasidan jamoatchilikni qo‘rqitish uchun qurol sifatida foydalanilmoqda”, deya ta’kidladi BMT rasmiysi.

Dronlar urushi va jamiyatning harbiylashuvi

Al-Fashr qulaganidan so‘ng, janglar Kordofan mintaqasiga ko‘chdi. Volker Turk zamonaviy uzoq masofali dronlardan foydalanish ortib borayotganini, bu esa front chizig‘idan uzoqdagi tinch hududlarga ham xavf solayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yanvar oyidan beri Kordofandagi dron zarbalari oqibatida qariyb 600 nafar tinch aholi halok bo‘lgan yoki yaralangan. Hatto gumanitar yordam karvonlari ham dron zarbalariga uchramoqda. Jamiyatning tobora harbiylashib borayotgani, ayniqsa, bolalar va yoshlarning urushga jalb etilayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Volker Turk xalqaro hamjamiyatni urishayotgan tomonlarga diplomatik va siyosiy bosim o‘tkazishga, pirovardida doimiy otashkesimga erishish uchun gumanitar sulh tuzishga chaqirdi. Hozirga qadar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha barcha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Mazkur mojaro boshlangandan beri 11 million kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan va bu dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan birini keltirib chiqargan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar