Sudandagi fuqarolar urushi qo‘shni Chad hududiga ham sizib o‘tishi ortidan mamlakat hukumati 23-fevral kuni sharqiy chegaralarni yopishga qaror qildi. Bu haqda Reuters agentligi manbalariga tayanib xabar berdi.
Chegaradagi qonli to‘qnashuv
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan dam olish kunlari chegara hududidagi Tin shahrida Sudanning “Tezkor yordam kuchlari (TYK) va hukumatga sodiq armiya o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar yuz bergan. Oqibatda Chad armiyasining 5 nafar askari va 3 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, yana 12 kishi jarohatlangan.
Tin shahridagi chegara qo‘shinlari zobiti harbiylar o‘limini tasdiqladi va Chad tomonidagi tinch aholini himoya qilish uchun qo‘shimcha xavfsizlik choralari zarurligini ta’kidladi. Ayni paytda hududga qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar tashlanmoqda.
Chad hukumati 23-fevral kuni e’lon qilgan rasmiy bayonotida chegaralar keyingi ko‘rsatmagacha yopiq qolishini bildirdi. Bunga Sudandagi nizolashayotgan tomonlarning Chad hududiga muntazam ravishda bostirib kirayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
“Ushbu chora nizoning bizning tuproqlarga tarqalishining oldini olish, fuqarolarimiz va qochqinlar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, mamlakat barqarorligi va hududiy yaxlitligini kafolatlashga qaratilgan”, deyiladi hukumat xabarida.
Vaziyatning keskinlashuvi
Sudanda 2023-yil aprel oyida muntazam armiya va TYK o‘rtasida boshlangan urush vaqti-vaqti bilan Chad hududiga ham o ta’sirini o‘tkazmoqda. O‘tgan 2025-yilda ham dron hujumi oqibatida ikki nafar chadlik askar halok bo‘lgan edi.
Ekspertlarning fikricha, vaziyat kundan-kunga jiddiylashib bormoqda.
“Bir narsa aniq: xohlaymizmi-yo‘qmi, Chad endi bu mojaroning bilvosita ishtirokchisiga aylanib ulgurdi”, dedi Ekstremizmning oldini olish va rivojlanishni o‘rganish markazi rahbari Ahmat Yaqub.








