Daryo

Polsha Rossiyaning dronlari sababli NATO bilan maslahatlashadi

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Rossiyaning kamida 19 ta uchuvchisiz uchish apparati mamlakat havo hududini buzganini ma’lum qildi. Dronlarning katta qismi Belarus hududidan uchib kelgan.

1 daqiqa o‘qish262 ko‘rishlar0 izoh1
Rossiya dronlarining Polsha hududiga kirishi ortidan Donald Tusk NATOning 4-moddasiga muvofiq a’zo davlatlar bilan maslahatlashuv boshlashni so‘radi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Tusk Rossiyaning bu provokatsiyasi avvalgilaridan keskin farq qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri ilk marta Polsha hududiga dronlar na texnik xatolik, na mayda provokatsiya oqibatida emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchib kelgan.

“Birinchi marta sezilarli miqdordagi dronlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Belarus hududidan keldi”, dedi bosh vazir.
​

Donald Tusk NATOdagi ittifoqchilardan Polsha havo hududini himoya qilishda katta yordam kutayotganini ham bildirdi.

10-sentyabr tongigacha Polsha havo hududiga Rossiyaning 19 ta droni kirib kelgani qayd etildi. Ulardan uch yoki to‘rttasi urib tushirilgan. Halok bo‘lganlar yoki yaradorlar haqida ma’lumot yo‘q. Polshaning sharqiy qismidagi qishloqlardan birida urib tushirilgan dronning qoldiqlari uy tomiga zarar yetkazgan. Harbiylar dron qismlarini izlashni davom ettirmoqda.

Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga ko‘ra, ittifoqchi davlatning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi yoki xavfsizligiga tashqi tahdid mavjud bo'lsa, maslahatlashuvlar o‘tkaziladi. Bunday maslahatlashuvlar doimo amaliy choralar ko‘rilishiga olib kelmasligi ham mumkin.

NATO 1949-yilda tashkil etilgan. Shundan beri 4-modda yetti marta ishga tushirilgan. Oxirgi marta u 2022-yil 24-fevralda, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi oqibatida faollashtirilgan edi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar