Polsha hukumati 10-sentyabrdan boshlab Ukraina va Belarus bilan chegaradosh hududlarda parvozlarni uch oyga chekladi. Bu haqda Polsha aeronavigatsiya agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, cheklov joriy qilingan hududlarda uchuvchisiz uchish apparatlari istalgan vaqtda parvoz qila olmaydi. Bu hududlarda tunda faqat harbiy samolyotlar, kunduzi esa hukumatga parvoz haqida oldindan xabar bergan havo kemalarigina harakatlanishi mumkin.
Tabiiy ofatlar yoki favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatadigan samolyotlarga esa erkin parvoz qilishga ruxsat beriladi.
Bunday cheklovlar Polsha qurolli kuchlari operativ qo‘mondonligining davlat xavfsizligini ta’minlash talabi asosida joriy qilingan.
10-sentyabr kuni Polsha bosh vaziri Donald Tusk mamlakat havo hududiga Rossiyaga tegishli 20 ta dron kirib kelganini ma’lum qilgan edi. Shu sababli u hukumat nomidan NATOning 4-moddasiga muvofiq a’zo davlatlar bilan maslahatlashuv o‘tkazilishini bildirgan.
Rossiyaning Polshadagi elchisi Andrey Ordash esa dronlarning Moskvaga tegishliligi borasida dalillar yo‘qligini aytdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi uchuvchisiz uchish qurilmalari masalasida Polsha tomoni bilan maslahatlashuv o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qildi.








