Polsha 10-sentyabr kuni mamlakat hududiga dronlar bostirib kirganidan keyin keskinlashgan vaziyat fonida Belarus va Rossiya bilan chegarada taxminan 40 ming harbiyni joylashtirmoqda. Bu haqda TVР nashri xabar berdi.
Varshavaning sharqiy chegarada qo‘shinlarni to‘plash qarori Rossiya va Belarusning “G‘arb-2025” nomli qo‘shma mashg‘ulotlari bilan bog‘liq. Mazkur mashg‘ulotlarda o‘n minglab harbiylar ishtirok etishi kutilmoqda.
“Polsha ‘G‘arb-2025’ manyovrlariga bir necha oy davomida tayyorgarlik ko‘rdi”, dedi Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari Tsezariy Tomchik.
Uning aytishicha, Polsha armiyasi 30 mingdan ortiq askar hamda NATO harbiylari ishtirokida munosib javob berish uchun mashg‘ulotlar o‘tkazgan.
“Yodda tuting, ‘G‘arb-2025’ strategik mashg‘ulotlardir”, deb ta’kidladi Tomchik.
Mudofaa vaziri, boshqa siyosiy yetakchilar singari, ushbu mashg‘ulotlar Rossiyaning NATO va Yevropa Ittifoqi davlatlariga qarshi agressiyasidan darak berishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
10-sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi Ukrainaga ommaviy zarba bergan paytda Polsha chegarasidan taxminan 20 ta dron o‘tib ketdi. Bunga javoban Polsha havo kuchlari qiruvchi samolyotlarini ko‘tardi. Bu — urush boshlanganidan beri ilk bor Rossiya dronlari NATO hududida urib tushirilgan holat bo‘ldi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa Polshadagi nishonlarni zarba berish rejalari bo‘lmaganini da’vo qildi.
BILD ma’lumotiga ko‘ra, Polsha hududiga uchib kirgan Rossiya dronlarini urib tushirish uchun NATO kamida 1,2 million yevro sarflagan. Uchta dron ikki dona F-35 qiruvchisi tomonidan yo‘q qilingan.








