Kolumbiya, Paragvay va Urugvay terma jamoalari 2026-yilgi Jahon chempionatining final bosqichi yo‘llanmasiga ega chiqdi.
5-sentabr kuni tongida (O‘zbekiston vaqti bilan) bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Urugvay va Kolumbiya o‘z raqiblarini 3:0 hisobida mag‘lub etib, muddatidan oldin mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Paragvay Ekvadorga qarshi bellashvuda 0:0 hisobidagi durang evaziga Jahon chempionati chiptasiga ega chiqdi.
Hozirga qadar AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tadigan Jahon chempionatida qatnashadigan 48 ta jamoaning 16 tasi ma’lum bo‘ldi: Kanada (mezbon), Meksika (mezbon), AQSh (mezbon), Yaponiya, Yangi Zelandiya, Eron, O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Iordaniya, Avstraliya, Argentina, Braziliya, Urugvay, Kolumbiya, Paragvay va Ekvador.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026-yilning 11-iyunidan 19-iyuliga qadar 3 ta mamlakat — AQSH, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi turnirdagi debyutini o‘tkazadi. Chempionatga qur’a tashlash marosimi joriy yilning 5-dekabr kuni AQSHning Vashington shahridagi Kennedi markazida bo‘lib o‘tadi.








