Daryo

Isroil G‘azoni bosib olish rejasining 2-bosqichiga start berdi

Yahudiy davlati bosib olinayotgan hududlarda “gumanitar zona” tashkil etishni rejalashtirdi.

1 daqiqa o‘qish1 247 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil mudofaa kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir 3-sentyabr kuni G‘azo sektorini ishg‘ol qilishga qaratilgan harbiy operatsiyaning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi.

“Garovga olingan fuqarolarni qaytarish — axloqiy va milliy burch. Biz ‘Gideon aravalari’ operatsiyasining ikkinchi bosqichiga o‘tdik”, dedi Zamir harbiylarga murojaatida.

Bu bosqich G‘azo aholisi, ayniqsa G‘azo shahrida yashovchi millionga yaqin insonning ommaviy ko‘chirilishiga olib kelishi mumkin. Avgust oyi boshida Isroil hukumati G‘azo shahrini bosqichma-bosqich qayta ishg‘ol qilish rejasini ma’qullagan edi. Ayni paytda armiyaning asosiy nishoni G‘azo shahri bo‘lib turibdi.

Yahudiy rasmiylariga ko‘ra, allaqachon 70 mingdan ortiq aholi shimoliy hududlarni tark etgan. Endilikda bu raqam bir millionga yetishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, Isroil janubda yangi “gumanitar zona” tashkil etishni rejalashtirgan — u markaziy qochqinlar lagerlaridan Al-Mavosiy va uning sharqiy hududlarigacha cho‘zilishi mumkin. Biroq bu hudud ham ilgari Isroil zarbalaridan jabr ko‘rgan.

BMT va Qizil xoch vakillari bu kabi ommaviy ko‘chirishni xavfsiz va insoniy tarzda amalga oshirish deyarli imkonsiz ekanini ta’kidlamoqda. Isroil tomoni sektorda suv, elektr va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ba’zi chora-tadbirlarni e’lon qilgan. Xususan, Al-Mavosiyga Misrdan suv tarmog‘i tortilmoqda, Xon-Yunisdagi Yevropa kasalxonasi esa qayta ochilishi kutilmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar