Daryo

Isroil G‘azoni bombardimon qildi: 7 kishi halok bo‘ldi (video)

Halok bo‘lganlar orasida ikki nafar 8 va 10 yoshli bola bor. Yahudiy davlati bu hujumi bilan oktyabr oyida erishilgan otashkesimni 591-marta buzdi.

2 daqiqa o‘qish2 308 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil harbiylari 3-dekabr kuni G‘azoga hujum uyushtirdi, oqibatida yetti nafar falastinlik, jumladan, ikki bola halok bo‘ldi. Yana 32 kishi turli darajada tan jarohatlari oldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Yahudiy davlatining mazkur hujumi AQSH vositachiligida tuzilgan otashkesimni 591-marta buzilishiga olib kelgan. Isroil bu zarba HAMASning to‘rt nafar yahudiy askarni o‘ldirganiga javoban amalga oshirilganini ma’lum qilgan.

Tibbiyot xodimlarining xabar berishicha, Isroil hujumlari qurbonlari orasida Zaytun mahallasida halok bo‘lgan ikki nafar falastinlik va al-Mavosiy lageriga uyushtirilgan hujumlar oqibatida o‘lgan besh kishi bor. Mazkur lagerga qilingan bombardimon oqibatida bir nechta chodir yonib ketgan va yong‘in keltirib chiqargan.

“Isroil raketa zarbasi oqibatida al-Mavosiyda ikki bola bilan birga besh nafar fuqaro halok bo‘ldi, yana bir qancha odam, ularning ba’zilari og‘ir yaralandi”, degan fuqarolik mudofaasi vakili Mahmud Basal.

Kuvayt kasalxonasidagi manbalar halok bo‘lgan bolalar sakkiz va o‘n yoshda bo‘lganini ma’lum qilgan. Falastinning WAFA axborot agentligi xabariga ko‘ra, jabrlanganlarning ba’zilari og‘ir kuyish jarohatlarini olgan.

Xalqaro munosabat va garovga olinganlar

Falastinlik guruh HAMAS al-Mavosiyga qilingan hujumni qoralab, uni Isroilning “sulh bitimini mensimasligini ko‘rsatuvchi jinoyat” deb atagan. Guruh vositachilardan, ya’ni Misr, Qatar va AQSHdan Isroil harbiylarini jilovlashni talab qilmoqda.

G‘azo rasmiylariga ko‘ra, sulh 10-oktyabrda kuchga kirganidan beri Isroil kuchlari uni kamida 591 marta buzgan, oqibatda 360 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan va yana 922 nafar odam yaralangan.

Ayni paytda, 3-dekabr kuni Isroil harbiylari Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi orqali HAMASdan G‘azoda halok bo‘lgan ikki jasad qabul qilib olinganini tasdiqlagan. Bundan oldingi jasadlar almashish jarayonida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMAS tomonidan qaytarilgan jasad qoldiqlari halok bo‘lgan yahudiy askarlariga mos kelmasligini aytgan edi.

Oktyabr oyida sulh kuchga kirganidan buyon, HAMAS, taxminan, 2 000 nafar falastinlik mahbus va asirlar almashish evaziga barcha 20 nafar tirik asirni va 26 nafar jasadni qaytargan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar