G‘azo shahrida so‘nggi yerusti harbiy amaliyotning birinchi kuni davomida qariyb 350 ming falastinlik hududni tark etgani ma’lum qilindi. Bu haqda Isroil armiyasiga tayanib, Euronews xabar berdi.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, vayronaga aylangan shahar HAMASning “asosiy tayanch nuqtasi” sifatida qaralmoqda. Falastinliklar 16-sentyabr kuni tongda G‘azo shahri bo‘ylab kuchli bombardimonlar kuzatilganini bildirgan. Shifoxonalarda kamida 69 kishining halok bo‘lgani qayd etilgan.
“Bu kecha G‘azo uchun nihoyatda og‘ir bo‘ldi. Portlashlar bir daqiqaga ham to‘xtamadi”, dedi Shifa shifoxonasi rahbari doktor Muhammad Abu Salmiya.
Yahudiy bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Tel-Avivdagi harbiy qo‘mondonlar bilan uchrashuvda Isroil mudofaa kuchlari uchun asosiy vazifalardan biri — shahar aholisini to‘liq evakuatsiya qilish ekanini ta’kidlagan.
“G‘azo aholisi bilan terrorchilarni ajratib olish uchun qo‘shimcha evakuatsiya yo‘llarini ochishga harakat qilyapmiz”, degan Netanyaxu.
Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, shahardagi 1 million aholining 350 mingga yaqini birgina 16-sentyabr kuni shaharni tark etgan. Sohil bo‘ylab uzun avtomobil navbatlari yuzaga kelgan. BMTga ko‘ra, shu kuni 220 mingga yaqin falastinlik evakuatsiya qilingan, ulardan 70 ming nafari harbiy amaliyot boshlanishidan oldinroq shaharni tark etgan.
“G‘azo shahri HAMAS harbiy va siyosiy kuchining yuragi — asosiy tayanchi. HAMAS G‘azoni dunyodagi eng katta tirik qalqon (inson to‘sig‘i)ga aylantirdi”, degan Isroil armiyasi vakili, brigada generali Effi Defrin.
Isroil armiyasi fuqarolarni jangovar zonalardan uzoqlashishga chaqirib, G‘azoning janubida gumanitar hudud tashkil etilganini eslatgan. Rasmiylarga ko‘ra, bu hududda oziq-ovqat, ichimlik suvi, tibbiy yordam va boshpana bilan ta’minlash imkoniyatlari mavjud.








