Daryo

O'zbekistonda sentyabrda qanday ob-havo kutilmoqda?

Prognozlarga ko'ra, oyning birinchi o'n kunligida qulay harorat fonida asosan kam bulutli va quruq ob-havo bo'ladi

1 daqiqa o‘qish1 170 ko‘rishlar0 izoh5

O'zbekistonda 2025-yil sentyabr oyining birinchi o'n kunligida qulay harorat fonida asosan kam bulutli va quruq ob-havo bo'lishi kutilmoqda, deb xabar berdi “O'zgidromet”.

Prognozlarga ko'ra, kechalari va erta tongda 15-20 daraja bo'lgan haroratda tetiklantiruvchi salqinlik seziladi, kunduz kunlari esa quyosh nurlari havoni 35 darajagacha, ayrim kunlarda 37 darajagacha isitadi.

Keyinchalik sentyabr oyining oxirigacha harorat kechalari 15-20 dan 8-13 darajagacha, kunduz kunlari 30-35 dan 20-25 darajagacha o'zgarib turishi kutilmoqda. Sentyabr oyida o'rtacha oylik harorat me'yor atrofida, ba'zi joylarda me'yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo'lishi kutilmoqda.

Oyning ikkinchi yarmida ayrim kunlarda (1-2 kun) qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi mumkin.

Kuz faslining birinchi oyi O'zbekistonda odatda qanday kechadi?

O'zbekistonda u ko'pincha ob-havo sharoiti jihatidan biroz yumshoqroq harorat fonida, yozga o'xshash bo'lishi kuzatiladi. Iqlimiy kuzatuv ma'lumotlariga ko'ra, respublika hududining katta qismida oyning birinchi yarmida o'rtacha kunduzgi harorat 30-33 darajani, oyning ikkinchi yarmida esa 26-29 darajani tashkil etadi. Eng sovuq (me'yordan 2-3,5 darajaga past) sentyabr oylari 1930 va 1931-yillarda, so'nggi o'n yillikda esa 1992 va 1994-yillarda qayd etilgan.

O'zbekistonda sentyabr yilning eng quruq oylardan biridir. Bu oyda yomg'ir kamdan-kam (oyiga 1-3-marta) yog'adi. Shunday yillar kuzatilganki, butun O'zbekistonda yoki hududning katta qismida sentyabr oyida umuman yomg'ir yog'magan. Bu asrda bunday anomal quruq sentyabr oylari 2007 va 2021 va 2022-yillarda qayd etilgan. Ammo meteorologik kuzatuvlar tarixida, ba'zi hududlarda 1-2 ta yog'gan yomg'ir hisobiga yog'ingarchilik miqdori oylik me'yordan ko'p, ba'zan esa bir necha barobar ko'p bo'lgan holatlar ham kuzatilgan.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar