Daryo

Serbiyada vazir jonli efir vaqti insultga uchradi (video) 

Televizion efir kadrlarida vazirning boshlovchilar bilan suhbat paytida gapi tushunarsiz bo‘lib qolgani va yuzida sezilarli asimmetriya paydo bo‘lgani ko‘rinadi

1 daqiqa o‘qish7 504 ko‘rishlar0 izoh0

Serbiya davlat investitsiyalari vaziri va hukmron Serbiya taraqqiyparvar partiyasi ijroiya qo‘mitasi raisi Darko Glishich Pink telekanalidagi ertalabki dasturning jonli efirida insultga uchradi. Bu haqda Serbiyaning “Vecherne novosti” nashri xabar qildi.

Foto: Skrinshot

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Glishich studiyada ahvoli yomonlashgani sababli dastur favqulodda to‘xtatilgan. Televizion efir kadrlarida vazirning boshlovchilar bilan suhbat paytida gapi tushunarsiz bo‘lib qolgani va yuzida sezilarli asimmetriya paydo bo‘lgani ko‘rinadi. Glishich zudlik bilan Serbiya klinik markaziga yetkazildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, prezident Aleksandar Vuchich voqeadan xabar topishi bilanoq kasalxonaga yo‘l olgan.

Uning holati yuzasidan sog‘liqni saqlash vaziri Zlatibor Lonchar bayonot berdi.

“U [Glishich] televideniye efirida ahvoli yomonlashdi, hushsiz holda kasalxonaga olib kelindi. Hozir tashxis qo‘yilib, davolash boshlandi. Barcha choralar ko‘riladi. Hammamiz tashvishga tushganmiz, prezident [Vuchich] dastlabki daqiqalardanoq shu yerda. Bu holat barchamizni larzaga soldi, ammo davolash va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ijobiy natija berishiga umid qilamiz. Hozircha faqat uning ahvoli og‘irligi ma’lum. Muhimi, u insultdan keyin o‘z vaqtida yetkazildi. Chunki dastlabki bir necha soat hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deb ta’kidladi Lonchar.

Gazeta Glishichni Serbiya rahbarining eng yaqin va ishonchli shaxslaridan biri deb ta’riflaydi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar