Pekin yaqin haftalar ichida Eronga yangi havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda so‘nggiAQSH razvedka hisobotlaridan xabardor uch nafar manbaga tayanib, CNN xabar berdi.
“Ushbu qadam o‘ta provokatsion harakat sifatida baholanmoqda. Boisi, aynan Xitoy shu haftaning boshida AQSH va Eron o‘rtasidagi urushni to‘xtatgan ‘mo‘rt’ sulh bitimida vositachilik qilganini da’vo qilgan edi. Boz ustiga, may oyining boshida AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Pekinga tashrif buyurishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Razvedka ma’lumotlari Eron sulhdan o‘zining ayrim qurol tizimlarini xorijiy hamkorlar yordamida to‘ldirib olish imkoniyati sifatida foydalanayotganini ko‘rsatmoqda.
Yashirin yetkazib berish zanjiri
CNN manbalaridan ikkitasining so‘zlariga ko‘ra, Pekin qurollarning asl kelib chiqishini yashirish maqsadida ularni uchinchi davlatlar orqali yuborish yo‘llarini izlamoqda. Xitoy Eronga yuborishni rejalashtirayotgan tizimlar MANPADS (ko‘chma zenit-raketa majmualari) deb ataladi.
Ushbu yelkadan otiladigan raketalar besh haftalik urush davomida AQSHning past balandlikda uchuvchi harbiy samolyotlari uchun asimmetrik xavf tug‘dirgan va agar sulh buzilsa, yana jiddiy tahdidga aylanishi mumkin.
Pekin raddiyasi
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi bu ma’lumotlarni keskin rad etdi.
“Xitoy hech qachon urushning biror tomoniga qurol yetkazib bermagan. Bu ma’lumotlar haqiqatga zid. Mas’uliyatli yirik davlat sifatida Xitoy xalqaro majburiyatlarini doimiy ravishda bajarib keladi. Biz AQSH tomonini asossiz ayblovlar qo‘yishdan va shov-shuv ko‘tarishdan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi elchixona bayonotida.
Elchixona vakili bundan oldin Pekin AQSH—Isroil—Eron urushi boshlangandan beri sulhga erishish va mojaroga chek qo‘yish uchun harakat qilayotganini ta’kidlagan edi.
F-15 samolyoti bilan bog‘liq shubhalar
6-aprel kungi matbuot anjumanida Donald Tramp o‘tgan hafta Eron uzra urib tushirilgan F-15 qiruvchi samolyoti issiqlik orqali nishon oluvchi qo‘l raketasi bilan urilganiga ishora qildi. Eron ham samolyotni urib tushirishda yangi havo hujumidan mudofaa tizimidan foydalanganini ma’lum qilgan, biroq tafsilotlarni ochiqlamagan edi. Hozircha ushbu tizim Xitoyda ishlab chiqarilganmi yoki yo‘q — noma’lum.
Shu paytgacha Xitoy kompaniyalari Eronga sanksiya ostidagi ikki maqsadli texnologiyalarni sotib kelgan, bu esa Tehronga qurol ishlab chiqarishni davom ettirish va navigatsiya tizimlarini takomillashtirish imkonini bergan. Biroq hukumat darajasida bevosita qurol tizimlarining topshirilishi yordamning mutlaqo yangi darajasini anglatadi.
“Razvedkadan xabardor manbalardan birining aytishicha, Xitoy AQSH va Isroilga qarshi urushda Eronni himoya qilib, mojaroga ochiqdan-ochiq kirishdan strategik naf ko‘rmayapti, chunki bu urushda g‘alaba qozonib bo‘lmasligini tushunadi”, deyiladi CNN xabarida.
Buning o‘rniga, Pekin o‘zini Eronning (neftiga qattiq bog‘langan) sodiq do‘sti sifatida ko‘rsatishga va shu bilan birga, urush tugaganidan keyin “ayblarni rad eta olish” uchun tashqi tomondan neytral ko‘rinishga harakat qilmoqda.
Shuningdek, Xitoy o‘zining havo hujumidan mudofaa tizimlarini Rossiya ko‘rsatayotgan yordamdan farqli o‘laroq, “hujumkor emas, balki mudofaa xarakteriga ega” deb oqlashi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya urush davomida Eron bilan razvedka ma’lumotlarini bo‘lishib, AQSH qo‘shinlari va obyektlariga aniq zarba berishda yordam berib kelgan.
Eron uzoq vaqtdan beri ham Rossiya, ham Xitoy bilan mustahkam harbiy va iqtisodiy aloqalarga ega. Xususan, Tehron Rossiyaga Ukrainadagi urushda Shahed dronlarini yetkazib berish orqali ko‘maklashayotgan bo‘lsa, Xitoyga o‘zining sanksiya ostidagi neftining asosiy qismini sotmoqda.








