Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi dunyo iqtisodiyoti neft va gazga qanchalik bog‘liq ekanini yaqqol namoyon etdi. Bo‘g‘oz atrofidagi vaziyat global bozorlarda xavotir va beqarorlikni yanada kuchaytirdi. Hatto u yaqin orada qayta ochilgan taqdirda ham, yuk tashish hajmi past bo‘lib qolishi ehtimoli yuqori.
Bunday sharoitda davlatlar uchun muqobil yo‘llarni izlash endi tanlov emas, balki majburiyatga aylanadi. Yaqin istiqbolda yashil energiyaga o‘tish ekologik siyosatning bir qismi bo‘libgina qolmay, ustuvor strategik vazifaga aylanishi mumkin. Bunday global o‘zgarishlar fonida esa faqat bitta davlat allaqachon oldinga chiqib ulgurgan — bu Xitoy.
Maqolada Hormuz bo‘g‘ozidagi inqiroz ortidan yuzaga kelgan energetik silkinish, uning global oqibatlari hamda ushbu jarayon Xitoyning yangi energetik yetakchiligiga qanday yo‘l ochayotgani haqida batafsil so‘z yuritiladi.
Energiya zanjirining uzilishi
Hozirgi global keskinliklar fonida Hormuz atrofidagi xavfsizlikka oid xavotirlar yana kuchaymoqda. Bu hudud yopilishi yoki xavfli makonga aylanishi ehtimoli jahon energetika bozoriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Mazkur bo‘g‘oz orqali kuniga o‘rtacha 17–20 million barrel atrofida neft va neft mahsulotlari tashiladi. Bu ko‘rsatkich global dengiz orqali tashiladigan neft savdosining qariyb 20–30 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, dunyoda LNG (suyultirilgan tabiiy gaz) savdosining ham muhim qismi — taxminan 20–25 foizi aynan shu yo‘nalish orqali o‘tadi. Shu sababli bu hudud global energetika tomirining muhim nuqtasi sifatida baholanadi.
Bo‘g‘ozning strategik ahamiyati uning geografik torligida ham namoyon bo‘ladi. Uning kengligi taxminan 39 kilometr bo‘lsa-da, kemalar uchun ajratilgan xavfsiz yo‘laklar ancha tor. Shu sababli har qanday harbiy-siyosiy keskinlik bu yo‘nalishda transport xavfsizligini darhol zaiflashtiradi.
12-aprel kuni Islomobodda Pokiston vositachiligida bo‘lib o‘tgan AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar natijasiz yakunlangach, Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini blokada qilishga buyruq berdi. Vashington bu orqali Eronning energetik eksport imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan keng ko‘lamli iqtisodiy va harbiy bosim strategiyasini kuchaytirdi.
Arab davlatlaridagi vaziyat
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Eron AQSHga Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish va urushni bosqichma-bosqich yakunlash bo‘yicha yangi takliflar bildirgan. Biroq bo‘g‘oz ochilgan taqdirda ham, yuk tashish hajmi past bo‘lishi ehtimoli yuqori. Chunki sug‘urta narxlari yuqoriligicha qoladi, Eron esa bo‘g‘oz orqali o‘tuvchi kemalarni nazorat qilishda davom etadi.
Shu bilan birga, urush arab davlatlarining energetika infratuzilmasiga ham jiddiy zarba berdi. Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA va boshqa yirik neft ishlab chiqaruvchilarining ishlab chiqarish va logistika zanjirlari izdan chiqdi.
Masalan, Saudiya Arabistonining Ar-Ras Tanura neftni qayta ishlash zavodi vaqtincha to‘xtab qoldi. Qatarning asosiy LNG markazlaridan biri bo‘lgan Ras Laffan obyekti raketa zarbalaridan zarar ko‘rdi. Iroq janubidagi neft konlarida esa ishlab chiqarish hajmi 70 foizgacha kamaygani qayd etilmoqda.
Natijada global energiya bozori qisqa muddat ichida muvozanatni yo‘qotdi. Taklifning keskin qisqarishi va logistika xavflarining oshishi fonida neft va gaz narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi yaqin oylar davomida deyarli muqarrar ko‘rinadi.
Inqirozdagi AQSH ittifoqchilari
Hormuz bo‘g‘ozidagi beqarorlik AQSHning Osiyodagi eng yaqin ittifoqchilari uchun jiddiy iqtisodiy zarbaga aylandi. Ushbu davlatlar energiya ehtiyojining qariyb 60–90 foizini Fors ko‘rfazi orqali import qilgani sababli, inqiroz ularning iqtisodiy barqarorligini bevosita xavf ostiga qo‘ydi.
Eng og‘ir zarba Filippinda kuzatildi. Mamlakat neftning 98 foizini Yaqin Sharqdan import qiladi va bu uni eng zaif davlatlardan biriga aylantirdi. 2026-yil 24-mart kuni prezident Bongbong Markos milliy energetik favqulodda holat e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Natijada dizel narxi 130 pesodan, benzin esa 100 pesodan oshib ketdi. Bu esa tez orada transport tizimi va oziq-ovqat narxlarida keskin inflyatsiyani keltirib chiqardi. Energiya tejamkorligi choralari doirasida ko‘plab davlat idoralari va ta’lim muassasalari 4 kunlik ish haftasiga o‘tkazildi, 400 dan ortiq yonilg‘i quyish shoxobchalari esa ta’minot yetishmasligi sababli faoliyatini to‘xtatdi.
Yaponiya ham og‘ir bosim ostida qoldi. Mamlakat neft importining 90 foizdan ortig‘i aynan shu yo‘nalish orqali amalga oshiriladi. AQSH prezidenti Donald Tramp Yaponiyani bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlashda faolroq harakat qilmayotgani uchun tanqid qildi. Bosh vazir Sanae Takaichi esa Yaponiyaning tinchliksevar konstitutsiyasi harbiy aralashuv imkonini cheklashini ta’kidladi.
Janubiy Koreyada esa energetik zarba to‘g‘ridan to‘g‘ri sanoatga ta’sir qildi. Suyultirilgan tabiiy gaz narxi uch baravarga, ko‘mir narxi esa 30 foizga oshdi. Bu esa ishlab chiqarish tannarxining keskin ko‘tarilishiga olib keldi. Energiya importi uchun katta hajmda valyuta sarflanishi Koreya vonining qadrsizlanishini tezlashtirib, inflyatsion bosimni kuchaytirdi.
Yevropada ham vaziyat nisbatan mo‘tadil bo‘lsa-da, barqaror emas. Yevropa LNG importining atigi 10 foizi Fors ko‘rfazidan keladi, biroq global ta’minot zanjiridagi uzilishlar butun bozorda narxlarni yuqoriga tortdi. Yevropa endi Qatar LNG’si uchun Osiyo bozorlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatga kirishga majbur bo‘lmoqda.
Urush boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi energiya importi uchun qo‘shimcha 24 milliard yevro sarflagan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi esa energiyaga qaramlik darajasi yuqori bo‘lgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari eng katta iqtisodiy yo‘qotishlarga duch kelayotganini ta’kidlamoqda.
Global miqyosda aviatsiya sektori ham bosim ostida. Yonilg‘i narxlarining keskin oshishi aviakompaniyalarni parvozlarni qisqartirish va ayrim samolyotlarni vaqtincha foydalanishdan chiqarishga majbur qilmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin oylarda parvozlar yanada qisqarishi ehtimoli yuqori. Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi esa aynan shu sabab 20 mingdan ortiq parvozlarni bekor qilganini ma’lum qildi.
“AQSH o‘z oyog‘iga bolta urmoqda”
Dunyoda energetik inqiroz kuchayib borar ekan, bunday sharoitda davlatlar muqobil yo‘l izlashga majbur bo‘ladi. Chunki vaziyat yana takrorlanishi mumkin. Natijada yashil energetika shunchaki ekologik tanlov emas, balki strategik zaruratga aylanadi. Bu jarayonda esa yetakchi aniq — bu Xitoy.
Hormuz bo‘g‘ozining uzoq muddat yopilishi Xitoy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki Xitoy bo‘g‘oz orqali o‘tadigan neftning eng katta xaridorlaridan biri hisoblanadi. Kuniga taxminan 5—5,5 million barrel neft import qilishi mumkin. Lekin rasmiy Pekin oldida bu muammoga bir qancha yechimlar mavjud. Masalan, Rossiya nefti.
Amerikalik iqtisodchi va tarixchi — professor David Hart AQSHdagi eng nufuzli tahlil markazi Council on Foreign Relations’da e’lon qilgan maqolasida global energetik inqiroz davlatlarni uzoq muddatli strategiyalarini tubdan qayta ko‘rib chiqishga majbur qilayotganini ta’kidlaydi.
Uning yozishicha, energiya xavfsizligiga tahdid kuchaygan bir sharoitda mamlakatlar eski model — qazilma yonilg‘iga tayangan tizimdan tezroq voz kechishga intilmoqda.
“Bir paytlar rivojlanayotgan mamlakatlar statsionar telefonni tashlab, to‘g‘ridan to‘g‘ri mobil aloqaga o‘tib ketgani kabi, dunyo mamlakatlari endi kamroq quvur va yonilg‘i quyish shoxobchalari qurib, ko‘proq elektr infratuzilmasiga sarmoya kiritadi. Agar ‘elektrodavlat’ modeli ‘petrodavlat’ modelini siqib chiqarsa, bu yangi davrning boshlanishi bo‘ladi.
Dunyoning yetakchi ‘elektrodavlati’ sifatida Xitoy ushbu energetik sakrashdan ulkan foyda ko‘radi. So‘nggi yigirma yil ichida o‘zining energetika tizimini tubdan yangilagan Pekin endi butun dunyoga elektr uzatish liniyalari, transformatorlar va boshqa apparat vositalarini yetkazib berishga tayyor”, deydi professor.
Shu bilan birga, David Hart Donald Tramp ma’muriyatining olib borayotgan siyosati AQSH Eron bilan urushda qulay pozitsiyada turgandek ko‘rinishini, ammo aslida vaziyat boshqacha ekanini yozadi.
“AQSH bu vaziyatda bir qarashda qulay pozitsiyada turgandek ko‘rinadi. Dunyodagi eng yirik LNG eksportchisi sifatida u urushdan oldin ham o‘z quvvatlarini ikki baravar oshirish jarayonida edi. Biroq prezident Donald Trampning diplomatiyadagi majburlash uslubi potensial mijozlarni ehtiyotkorlikka undashi mumkin. U muntazam ravishda savdo sheriklarini AQSHdan ko‘proq LNG import qilishga majburlashga uringan. Urushning o‘zi esa AQSH hamkorlari va ittifoqchilarining energetika xavfsizligini o‘ylamasdan xavf ostiga qo‘ydi”.
Shuningdek, siyosatshunos AQSH Erondagi urush orqali o‘z oyog‘iga bolta urayotganini ta’kidlaydi.
“Agar kelajak geosiyosati Xitoy ‘elektrodavlati’ va AQSH ‘petrodavlati’ o‘rtasidagi ta’sir doirasi uchun kurashdan iborat bo‘lsa, Eron urushi AQSH uchun ‘o‘z oyog‘iga bolta urish’ bilan barobardir.
Qisqa muddatli istiqbolda, ‘chuqur qazishni to‘xtatish’ lozim. Uzoq muddatli istiqbolda esa Amerika resurslarga qaram va ekologik jihatdan barqaror bo‘lmagan ‘petrodavlat’ modelining cheklovlarini tan olishi va ‘elektr davri’da yetakchilik uchun yanada samaraliroq raqobat qilishi shart”, deb xulosa qiladi muallif.








