Daryo

O‘zbekistonda soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish tartibi soddalashtiriladi

Prezident qarorida tadbirkor va soliqchilar o‘rtasidagi tortishuvlarni sudgacha bormasdan yechish, vaqt va xarajatni kamaytirish ko‘zda tutilgan

1 daqiqa o‘qish5 754 ko‘rishlar0 izoh0

2025-yil 11-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qaror qabul qilindi. Bu orqali tadbirkorlar va soliq organlari o‘rtasidagi tortishuvlarni sudga bormasdan yechish, vaqt va xarajatni kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Foto: “Daryo”

Endi Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq sohalari bo‘yicha mutaxassislardan iborat Ekspert kengashi faoliyat yuritadi. Ushbu kengash:

  • soliq nizolarini ko‘rib chiqadi va xulosa beradi;
  • qonunchilik va uning amaliyotini tahlil qilib, takliflar ishlab chiqadi;
  • nizolarni ko‘rib chiqishda biznes, davlat organlari va ilmiy doiralar bilan hamkorlik qiladi.

Kengash doimiy ishlaydi va oyiga kamida ikki marta yig‘ilish o‘tkazadi. Soliq organlari qaroridan norozi bo‘lgan tadbirkorlar kengashga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi (faqat jinoyat ishi va sudda ko‘rilayotgan holatlardan tashqari).

Kengash xulosalari soliq va bojxona idoralari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi hamda tadbirkorga natija haqida maʼlum qilinadi.

Qaror asosida soliq nizolarini sudgacha ko‘rib chiqish jarayoni raqamlashtirilib, tizimga sunʼiy intellekt joriy etiladi. Shu bilan birga, idoralararo elektron maʼlumot almashuvi yaxshilanadi, majlislarda masofadan turib ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.

Maʼlumot uchun, 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, Soliq qo‘mitasiga jami 1,27 trln so‘mlik 109 ta soliq nizosi bo‘yicha shikoyat kelib tushgan. Shundan 75 tasi soliq auditi, 34 tasi sayyor tekshiruvlar bilan bog‘liq.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar