“Oʻzbekiston pochtasi” AJ unga Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan qoʻyilayotgan 26 milliard soʻmlik qoʻshimcha qiymat soligʻi sabab katta yoʻqotishga uchrashi mumkin. Tashkilot bosh hisobchisining taxminiga koʻra, bu mablagʻ QQS sifatida toʻlansa tashkilot ishchilari kamida uch oy maoshsiz qoladi, tashkilot texnikalari esa yonilgʻisiя qolib, ish toʻxtaydi.
“Oʻzbekiston pochtasi” AJ masʼullarining maʼlumot berishicha, koʻp vaqt davom etgan soliq tekshiruvidan soʻng, Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi qaror chiqarib, tashkilotning qoʻshimcha qiymat soligʻidan 26 milliard soʻm qarzdorligi borligini bildirib, pulni undirish harakatiga tushgan. “Oʻzbekiston pochtasi” AJ bunga eʼtiroz bildirib, inspeksiyaning mazkur qarorini haqiqiy emas deb topish boʻyicha sudga murojaat qilgan. Dastlabki 4 ta instansiya soliq inspeksiyasi qarorini haqiqiy emas deb topish haqida qaror qabul qilgan boʻlsa, Toshkent shahar maʼmuriy sudi taftish instansiyasi Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasining qarorini qoʻllab-quvvatlagan. “Daryo” bugun mana shu mavzu haqida soʻz yuritadi.
Bu sudlashuv jarayoni 2024-yilning sentyabr oyidan boshlangandi. Oʻshanda Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo soliq inspeksiyasi “Oʻzbekiston pochtasi”da oʻtkazilgan soliq auditi tekshiruvi natijasi boʻyicha qaror qabul qilib, qarorda “Oʻzbekiston pochtasi” 26 milliard soʻmlik qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlashi toʻgʻrisida qaror qabul qilgan, — deydi tashkilot bosh hisobchisi.
Bu qarorni qabul qilishlaridan oldin, tekshirish materiallarini koʻrib chiqish jarayonida tekshiruvchilarga nega bu miqdorda qoʻshimcha qiymat soligʻi solinmoqda deb savol berganmiz. Tayinli javob boʻlmagach, norozi boʻlib, sudga murojaat qilganmiz. Shayxontohur tumanlararo sudi ishni bizning foydamizga hal qilgan. Keyin soliq inspeksiyasi endi sudning qaroridan norozi boʻlib, yuqori turuvchi sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Apellyatsiya instansiyasi ham birinchi instansiyaning qarorini qoʻllab-quvvatlagan, oʻz kuchida qoldirgandi. Soliqning shikoyatini rad etgan. Jarayon toʻrtta sud instansiyasida koʻrib chiqilganda ham barcha sudlar inspeksiya qarorining aynan oʻsha 26 milliard soʻmlik soliq solish haqidagi vaji bilan kelishmadi. Ular bundan qoniqmagach, taftish tartibida shikoyat kiritdi. Taftish instansiyasi biz soʻragan hujjatlar taqdim qilinmadi deb, qarorni soliqchilar foydasi chiqardi. Biz shundan soʻng Biznes-ombudsmanga murojaat qildik, — deydi “Oʻzbekiston pochtasi” AJ masʼuli.
Soliq qoʻmitasi axborot xizmati masʼuli Muzaffar Nazarov “Daryo” tahririyatining bu haqdagi soʻroviga javob berar ekan, holatga hech qanday izoh bermasligini, ularning izohi taftish instansiyasi sudining qarori ekanini bildirdi.
Taftish instansiyasi sudining qarorini tushunishga uringan “Oʻzbekiston pochtasi” AJ masʼullari “Sud qarorida bu joyda soliq solish obyekti mavjud deyildi. Sudyaning oxirgi gapi shu boʻldi. Soliq solish obyekti mavjud deganda, balkim oʻsha nol stavkaga olib boradigan soliqni aytgandir sudya. Soliqchi tekshirganda soliq stavkasini notoʻgʻri tanlagandir. Chunki Soliq kodeksining 263-moddasida agar tashishlar xalqaro tashish boʻlganda, bu nol stavka bilan soliq solinadi deyilgan. Balki sud shuni nazarda tutgandir”, — deydi.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.








