Daryo

Tramp AQSH Moliya vazirligi va Soliq xizmatini sudga berdi

AQSH prezidenti federal idoralardan 10 mlrd dollar talab qilmoqda. Trampning o‘g‘illari ham da’vogar sifatida ko‘rsatilgan.

2 daqiqa o‘qish3 624 ko‘rishlar0 izoh1

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning Soliq xizmati va Moliya vazirligiga qarshi 10 milliard dollar miqdorida da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

U federal idoralarni 2018—2020-yillar oralig‘ida prezidentning soliq ma’lumotlari ommaviy axborot vositalariga chiqib ketishining oldini olmaganlikda ayblamoqda. Florida federal sudiga berilgan da’voga prezidentning o‘g‘illari Erik Tramp va kichik Donald Tramp hamda Tramp tashkiloti da’vogar sifatida kiritilgan.

Sud hujjatlarida ta’kidlanishicha, Tramp va Trump Organization’ga tegishli maxfiy soliq hujjatlarining oshkor bo‘lishi ularning “obro‘si va moliyaviy holatiga zarar yetkazgan, jamoatchilik oldida noqulay vaziyatga tushirgan, Tramp hamda boshqa da’vogarlarning jamoatchilikdagi mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan”.

2024-yilda ilgari Soliq xizmati bilan shartnoma asosida ishlagan Charlz Edvard soliq ma’lumotlarini OAVga sizdirganini tan olgach, besh yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U mudofaa va milliy xavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi Booz Allen Hamilton kompaniyasida ishlagan.

Edvard 2018–2020-yillar davomida The New York Times va ProPublica nashrlariga Tramp va boshqa shaxslarga oid soliq ma’lumotlarini taqdim etgan. Prokurorlar bu sizib chiqishni “Soliq xizmati tarixidagi misli ko‘rilmagan holat” deb baholagan. Ma’lumotlarning oshkor etilishi AQSH Soliq kodeksining 6103-moddasini buzgan. Ushbu norma federal qonunchilikdagi eng qat’iy maxfiylik talablaridan biri hisoblanadi.

The New York Times Donald Tramp 2020-yilgacha uzoq yillar davomida federal daromad solig‘i to‘lamaganini xabar qilgan. ProPublica esa 2021-yilda Trampning soliq hujjatlaridagi tafovutlarga bag‘ishlangan bir qator materiallarni e’lon qilgan. Keyinchalik Trampning olti yillik soliq deklaratsiyalari o‘sha paytda demokratlar nazoratida bo‘lgan AQSH Vakillar palatasining Soliq va mablag‘lar qo‘mitasi tomonidan oshkor qilingan.

Trampning da’vo arizasida aytilishicha, Edvardning OAVga oshkor qilgan ma’lumotlari “Da’vogarlarga obro‘ va moliyaviy zarar yetkazgan va 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida prezident Trampning saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan”.

Shuningdek, Edvard milliarder Jeff Bezos va Ilon Mask kabi boshqa milliarderlarning ham soliq hujjatlarini o‘g‘irlagani qayd etilgan. Trampning da’vosi AQSH Moliya vazirligi bu hafta boshida Booz Allen Hamilton kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilganidan so‘ng kiritildi. Edvard ushbu kompaniyada ishlagan va mamlakatdagi eng boy minglab odamlar, jumladan, prezidentga oid soliq ma’lumotlarini OAVga sizdirgani uchun ayblanib, keyinchalik qamoqqa hukm qilingan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar