Avvalroq ommaviy axborot vositalarida “Liverpul” hujumchisi Diogu Jotaning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Endi esa fojeali voqea tafsilotlari ham oshkor qilindi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 28 yoshli portugaliyalik futbolchi Diogu Jota hamda uning ukasi, “Penafiel” klubi futbolchisi Andre Silva 3-iyulga o‘tar kechasi Ispaniya g‘arbidagi A-52 trassasining 65-kilometrida, Sernadilla hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan.
3-iyul oqshomida Kastiliya va Leon mintaqaviy favqulodda holatlar xizmatiga bir nechta qo‘ng‘iroqlar kelib tushgan. Guvohlarning aytishicha, avtomobil yo‘ldan chiqib avtohalokatga uchragan va keyinchalik yonib ketgan.
Hodisa joyiga tezkorlik bilan yo‘l patrul xizmati, Zamora viloyatining yong‘in o‘chirish brigadasi, sog‘liqni saqlash favqulodda holatlar markazi va Mombuesiya tibbiy markazidan zudlik bilan tez yordam xodimlari yetib kelgan.
Tibbiyot vakillarining rasmiy tasdig‘iga ko‘ra, ikki futbolchi mashina ichida yonib ketgan va voqea joyining o‘zida vafot etgan.
Izoh (0)