Daryo

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi

1 daqiqa o‘qish4 797 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 29-mart kuni Olmaota shahrida norasmiy uchrashuv o‘tkazdi.

Ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Foto: President.uz

Suhbat avvalida davlat rahbarlari bir-birini hamda qardosh xalqlarni bahor ayyomi Navro‘z va yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan samimiy qutladi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 14 foizga oshdi, umumiy qiymati 4 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi, yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanmoqda.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston bosh vazirlari o‘rinbosarlarining o‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, neft-gaz, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini tingladi.

Foto: President.uz

Prezidentlar sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish, mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Joriy yilda Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan, yaqin oylarda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo sammitlariga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.

Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv har doimgidek do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar