Samarqand viloyatining Toyloq, Namangan shahri va Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Toyloq tumanida “N.B.” MCHJga qarashli klinika rahbari S.X. (muqaddam sudlangan) tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan. Natijada 194,1 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Shuningdek, Namangan shahrida fuqaro T.A. “Dambog‘” MFY hududidagi novvoyxonasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan. Oqibatda 176,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Bundan tashqari, Xo‘jaobod tumanida fuqaro N.Y. “Mustaqillik” MFY hududidagi xonadonida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan. Jami 100,8 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bunday holatlar soni ortib bormoqda
Avvalroq Samarqand viloyatidagi korxonalardan biri 553 million so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlangandi. Shu bilan birga, Qashqadaryoda 177 mln so‘mlik gaz va “svet”dan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlangani xabar qilingandi.
Shuningdek, Qashqadaryoda elektrdan noqonuniy foydalangan korxona davlatga 1 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazgan. Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilgandi.








