Daryo

U boshqacha qoidalar asosida tuzilgan: Isroil davlati va qurolli kuchlari nega bu qadar qudratli?

Isroil tashkil etilgan kunning ertasigayoq yettita arab armiyasi har tomondan hujumga o‘tdi. Son ustunligiga qaramay, ular g‘alabaga erisha olmadi. Aksincha, dushmaniga nisbatan ko‘proq talafot ko‘rib, mag‘lubiyatga uchradi. Shundan so‘ng atigi 25 yil ichida yana uchta yirik urush bo‘lib o‘tdi. Taassufki, har safar bir xil yakun takrorlanaverdi: Isroil o‘z hududini yangi harbiy yutuqlar hisobiga kengaytirdi. Unga qarshi na qo‘pol, na yumshoq kuch natija berdi. Maqolada Isroilning siyosiy va harbiy qudrati nimalarda ekani haqida so‘z boradi.

7 daqiqa o‘qish39 260 ko‘rishlar1 izoh0

Isroil davlati 1948-yilning 14-may kuni tashkil etildi. David Ben Gurion Tel Avivda turib bu haqda e’lon qilganidan atigi bir kun o‘tib arab davlatlari har tomondan hujum qildi. Ammo Isroil, siyosiy va harbiy institutlari to‘la shakllanib bo‘lmaganiga qaramasdan, kuchli qarshilik ko‘rsatdi. Yagona bayroq, ya’ni mafkura ostida birlashgan yahudiylar muntazam armiyaga ega bo‘lmay turib arab davlatlarining muntazam armiyalarini tor-mor keltirdi va urushni g‘olib sifatida yakunladi.

Isroil harbiy texnikalari karvoni. 1948-yil
Foto: Britannica

Oradan ko‘p o‘tmay, Suvaysh kanali ustida yana bir mojaro kelib chiqdi. Yahudiy davlati Britaniya hamda Fransiya tomonida turib Misrga qarshi urush ochdi. Bosqin Qo‘shma Shtatlar va Sovet ittifoqining aralashuvi bilan to‘xtatilib, Sinay yarimoroliga BMT kuchlari joylashtirildi. Ammo bu ham kelgusi urushning oldini ololmadi.

1967-yilgi qurolli mojaro mintaqada kuchlar balansini butunlay o‘zgartirib yubordi. “Olti kunlik” urush nomini olgan jarayon sabab Iordaniya G‘arbiy Sohil, jumladan, Quddusni qo‘ldan chiqardi. Misr esa G‘azo va Sinay yarimorolidan mahrum bo‘ldi. O‘zidan bir necha barobar yirikroq koalitsiya ustidan qozonilgan g‘alaba Isroilni mintaqaning birinchi raqamli qudratiga aylantirdi.

Oradan olti yil o‘tib Misr Sinay yarimorolini, Suriya esa Jo‘lоn tepaliklarini qaytarish uchun urush boshladi. Boshida barchasi reja bo‘yicha ketayotgandi. Biroq kompetentlik yetishmasligi, ta’minotdagi muammolar sabab dastlabki kunlardagi yutuqlarni davom ettirib bo‘lmadi. Qohira Sinay yarimorolini qaytib olish uchun Isroil bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. Suriya esa o‘z hududida bufer zonasi tashkil etishga majbur bo‘ldi.

Misr prezidenti Anvar Sadat (chapda) va Isroil bosh vaziri Menaxem Begin (o‘ngda) AQSH prezidenti Jimmi Karter bilan. Surat 1976-yil 26-mart kuni Tinchlik shartnomasini imzolash kuni olingan
Foto: AP

Isroil — resurslari bilan maqtana olmaydigan darajada kichik davlat. Qolaversa, uch tomondan arab davlatlari bilan o‘rab olingan. Har qanday mag‘lubiyat uning mavjudligiga nuqta qo‘yishi mumkin. Shu bois yahudiy davlati o‘z qurolli kuchlariga jiddiy e’tibor qaratadi.

Isroil qurolli kuchlari haqida umumiy ma’lumot. Ochiq manbalar asosida tayyorlandi

Isroil armiyasi dunyoning boshqa qismlarida uchramaydigan qoidalar asosida tuzilgan. Ularda qadriyatlar yo‘q. Qizil armiya tafakkuriga xos ko‘r-ko‘rona itoat yo aksar armiyalarda uchraydigan toshdek qat’iy intizom ularga begona.

Yahudiy ofitserlari qaror qabul qilish erkinligidan qo‘rqmay foydalanadi, har qanday holatda tashabbusni qo‘lga olishdan cho‘chishmaydi. Shu bois ham jang maydonidagi voqelikka tez moslashishadi. Qo‘mondonlikdan buyruq kutib, vaziyatni boy bermaydi. Bu masalada ularga liberal olamning manaman degan armiyasi havas qilsa arziydi. Qolaversa, armiyada ayollar ham faol xizmat qiladi. Dunyoning boshqa davlatlarida bu ixtiyoriy, ammo Isroilda emas.

Isroil qurolli kuchlari shaxsiy tarkibining 35 foizi ayollar hisoblanadi. Erkaklar 32, xotin-qizlar esa 24 oy davomida harbiy xizmatni o‘taydi. 2001-yilga qadar ayollar front ortidagi vazifalar bilan shug‘ullangan. Hozir esa ayol uchuvchilar, hatto xotin-qizlardan iborat tank ekipajlari ham mavjud. Biroq eng xavfli missiyalarga yuboriladigan Golani va Nahal brigadalari, Shayetet 13 maxsus kuchlar bo‘linmasi bundan mustasno. Ular o‘z safiga ayollarni qabul qilmaydi.

Xotin-qizlarni harbiy xizmatga jalb qilish Isroil uchun muhim. Boisi mamlakat aholisi 10 millionga ham yetmaydi. Qolaversa, uning chorak qismi arablardan iborat. Shu bois mamlakat armiyani har bir oilaga qadar olib kirgan. Ya’ni erkaklar 40, ayollar esa 38 yoshgacha zaxiradagilar ro‘yxatida turadi. Vaziyat taqozo qilgan taqdirda ularni ortiqcha qiyinchiliklarsiz to‘plash mumkin.

Isroil safarbarlikning o‘ta samarali mexanizmini yo‘lga qo‘ygan. Bu, ayniqsa, 2023-yilning 7-oktyabr voqealaridan so‘ng yaqqol namoyon bo‘ldi. Rasmiylar sanoqli kunlar ichida 300 ming zaxiradagi harbiy xizmatchini chaqirib, jangovar shay holatga keltirdi. 2022-yili xuddi shuncha miqdorda askar yollash va ularni tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun Kreml 3-6 oy vaqt sarflagandi.

Texnologiya o‘z so‘zini aytadi

Isroil — yuqori texnologik davlat, armiyasi ham shunga mutanosib. U jangovar dronlardan ilk bor foydalangani bilan maqtanishi mumkin. AQSH Afg‘onistonda MQ-1 Predator dronlarini qo‘llashidan 20 yil oldin Isroil IAI Scout va Tadiran Mastiff nomli uchuvchisiz uchish apparatlari bilan Livan qurolli guruhlari harakatlarini kuzatardi. Shuningdek, kamikadze dronlari g‘oyasi mualliflari ham aynan ulardir.

IAI Scout kuzatuv droni
Foto: Aviadejavu

Qolaversa, yahudiy davlati ko‘p sonli havo tahdidlariga qarshi eng samarali mudofaa kompleksi — Temir gumbazni ishlab chiqdi. Arrow tizimi bilan Yer atmosferasidan tashqaridagi raketani urib tushirdi. Jang maydonida esa vaziyatni baholash, nishonlarni belgilashda sun’iy idrokka keng tayanadi. Va insonlarni o‘ldirish yo o‘ldirmaslik masalasini algoritmlar ixtiyoriga topshirgan.

Isroil o‘z ehtiyoji uchun qurollarning aksariyatini mustaqil ishlab chiqaradi. Dunyoda eng yaxshilaridan biri deya maqtaladigan Merkava tanki shular jumlasidan. U eng zo‘rimi yoki yo‘q — bu ochiq savol. Ammo Merkava noodatiy texnologik tuzilishi bilan qolganlardan farqlanishi bor gap.

Picture background

Qolaversa, muhandislar tank bilan bog‘liq xarajatlarning eng qimmati ekipaj ekanini yaxshi tushunishgan. Ya’ni insonni jangovar mashina boshqarishga o‘rgatish bir necha yil, u harbiy xizmatga layoqatli bo‘lishi uchun esa bir necha o‘n yil talab etiladi. Shu bois avvalboshdan asosiy e’tibor tank ichidagilarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.

Masalan, Merkavaning dvigateli an’anaviy janglarda eng ko‘p zarba beriladigan nuqta — old qismida joylashgan. Mazkur yondashuv texnik xizmat ko‘rsatishni murakkablashtirib, xarajatlarni oshiradi. Ammo bunda dvigatel ekipaj uchun qo‘shimcha zirh vazifasini bajarishi inobatga olingan. Qolaversa, bu orqali desant bo‘linma uchun joy ochilib, Merkava tanki o‘z raqobatchilari orasida unikal ishlanmaga aylangan. Boshqa birorta tank ekipaj bilan birga desantchilarni olib yurmaydi.

Merkava nafaqat tank, balki zirhli transport vositasi vazifasini ham bajaradi
Foto: Google Images

Tankning xususiyatlariga kelsak, u G‘arbda ishlab chiqarilgan analoglariga juda o‘xshash: 120 mm kalibrli qurol, 65 tonna vazn, 4 kishilik ekipaj. Ular 360 daraja burchakdan tasvirni uzatib beradigan VR shlemlar bilan ta’minlangan. Bu jang maydonidagi vaziyatdan real vaqt rejimida boxabar bo‘lib turish imkonini beradi.

Isroilda ishlab chiqilgan eng mashhur tizim shubhasiz Temir gumbaz hisoblanadi. U qisqa masofali va past tezlikdagi havo tahdidlarini bartaraf etishga mo‘ljallangan. Aniqligi 90 foizdan yuqori. U nishonlarni zararsizlantirish uchun har biri 50-80 ming AQSH dollari turadigan Tamir raketalaridan foydalanadi.

Temir gumbaz o‘ta sezgir radarlar va yuqori quvvatli kompyuterlardan iborat kompleksdir. Uning yana bir afzalligi havo tahdidlari trayektoriyasini o‘rganib, qayerga qulashini aniqlashida. Ya’ni Livandan uchirilgan raketa aholi maskaniga qulasa, tizim uni urib tushiradi. Agar nishon bo‘sh sahroga yo‘nalgan bo‘lsa, o‘z holiga qo‘yadi.

Temir gumbaz tizimining raketa uchirish platformasi hamda Tamir raketasi
Foto: Top War

Tizim kamchiliklardan xoli emas. Temir gumbaz o‘ndan ortiq nishonlarni birvarakay tutib olishga qiynaladi. Qolaversa, unda qo‘llaniladigan Tamir raketalari qimmat. Shunga qaramay kompleks Isroilning tashrif qog‘oziga aylanib ulgurgan. U yahudiy davlatining texnologik potensialini namoyish qiladi.

Yuqorida sanalganlar mamlakatda ishlab chiqilgan ayrim texnikalar xolos. Isroilda harbiy sanoat bilan shug‘ullanadigan 150 dan ortiq kompaniya bor. Ular tomonidan birgina 2022-yilning o‘zida 12,5 milliard dollarlik qurol-yarog‘ eksport qilindi. Bu yahudiy davlatini bozorning eng yirik o‘yinchilaridan biriga aylantirdi. Biroq Isroilda ishlab chiqarilgan qurollarning reputatsiyasi yaxshi emas. Bunga ularning falastinliklar ustida sinovdan o‘tgani sabab.

Insoniy kapital — asosiy omil

Isroil kichik hududda kam resurs bilan katta ishlar qilish mumkinligini isbotladi. Insoniy kapitalni ishga solib, jahon siyosatiga ta’sir ko‘rsata oladigan salohiyatga ega bo‘ldi. Ammo bunda tashqi yordamni, ya’ni Qo‘shma Shtatlar omilini e’tibordan qochirmaslik kerak. Vashington — Tel Avivning eng qalin ittifoqchisi. AQSH Ikkinchi jahon urushidan buyon ajratgan xalqaro yordamning 30 foizi birgina Isroil hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu — qariyb, 300 milliard yoki yillik 4 milliard dollardan degani.

Bundan tashqari, Oq uy Isroilni siyosiy tomonlama ham so‘zsiz qo‘llab keladi. BMT tashkil etilganidan buyon Vashington o‘zining Xavfsizlik kengashidagi veto huquqidan 87 bor foydalangan bo‘lsa, ularning 49 martasi Isroilni himoyalash uchun edi.

Yahudiy davlati Qo‘shma Shtatlarda juda kuchli ta‘sirga ega. Bunga u qonuniy pora – lobbizm orqali erishdi. Amerika Isroil Jamoatchilik bilan aloqalar qo‘mitasi (AIPAC) kabi tashkilotlar yahudiy donorlardan xayriya olib, siyosatchilarning saylov kampaniyalarini moliyalashtiradi. Bu Isroilga ham Kongress, ham Vakillar Palatasini nazoratga qilish imkonini beradi. Isroil lobbizmi hatto Oq uyda mustahkam ildiz otgan. Buni tasdiqlovchi misollar ko‘p. Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi uchun Isroil-amerikalik milliarder Miriam Andelsondan yuz million dollar olgani shulardan biridir.

AQSH qonunchilari Isroil bosh vazirini Kongressda qilgan nutqi uchun olqishlashmoqda
Foto: Los Angeles Times

AQSH tomonidan yahudiy davlatiga ajratilayotgan harbiy yordam esa alohida mavzu. Isroil harbiy havo kuchlarining yadrosini tashkil etuvchi F-15, F-16 samolyotlari, F-35 beshinchi avlod qiruvchilari Qo‘shma Shtatlar texnologik salohiyatining mahsulidir.

Isroil harbiy-havo kuchlarining F-35 qiruvchisi
Foto: Sun’iy idrok yordamida ishlov berilgan

Merkava tanklari qo‘llaydigan 120 mm kalibrli snaryadlar, G‘azo va Livanga yog‘dirilgan 500-1000 kg vazndagi aviabombalarga ham Made in USA yorlig‘i tushirilgan. Qolaversa, Vashington Isroilning ichki loyihalarini ham moliyalashtiradi. Birgina Temir gumbaz uchun 2011-yildan buyon 2,6 milliard dollar sarflangan.

Biroq tan olmasdan iloj yo‘q. Isroil bularning bariga yahudiy xalqining ilmga chanqoqligi, bir-biriga nisbatan qo‘llovi hamda moliyaviy resurslarini to‘g‘ri yo‘naltira olishi ortidan erishdi. Agar isroilliklar maishiy masalalarga o‘ralashib, siyosiy institutlarni o‘z holiga tashlab qo‘yganida, ilmga e’tiborni sustlashtirganida, qo‘shnilari uni birinchi hamladayoq yanchib tashlardi.

Nufusi 20 million ham chiqmaydigan yahudiy xalqida 214 ta Nobel mukofoti bor. Bu jami laureatlarning 22 foizi degani. Sayyora aholisining chorak qismini tashkil etadigan musulmonlarda esa atigi 15 dona. Shuning o‘zi xulosa chiqarish uchun yetarli ma’lumot, nazarimizda.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar