Daryo

Livan Isroil bosqinidan ozod etilgan hududlarida o‘z armiyasini joylashtira boshladi

AQSH vositachiligida erishilgan kelishuvga muvofiq isroillik harbiylar Livan janubidagi shaharchadan chekindi.

1 daqiqa o‘qish4 896 ko‘rishlar0 izoh6

Livan armiyasi bo‘linmalari 21-iyul kuni Isroil kuchlari chiqib ketganidan so‘ng mamlakat janubidagi Zovtar al-G‘arbiya shaharchasiga joylasha boshladi. Bu haqda Livan xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimi ma’lum qildi. Bu AQSH vositachiligidagi reja asosida amalga oshirilmoqda.

Rejaga ko‘ra, Livan armiyasi janubiy hududlarda Eron bilan ittifoqchi bo‘lgan “Hizbulloh” guruhidan qurollarni musodara qilishi, Isroil qo‘shinlari esa bosqichma-bosqich chiqib ketishi kerak. Isroil harbiylari 20-iyul kuni “pilot zonasi dasturi” deb nomlangan ushbu reja boshlanganini e’lon qildi.

21-iyul kungi hudud topshirilishi ushbu rejaning birinchi qadamidir. Livan hukumati bu kelishuv orqali Isroil egallab turgan 10 kilometrlik chegara hududi ustidan nazoratni qayta tiklashga umid qilmoqda.

Ushbu hududda o‘nlab qishloqlar va infratuzilma obyektlari, jumladan, shifoxonalar, elektr stansiyalari hamda suv nasoslari vayron qilingan. O‘n minglab livanliklar hali ham o‘z uylariga qayta olmayapti.

“Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlar mart oyi boshida, AQSH va Isroil Eronga zarba berganidan ikki kun o‘tib boshlangan edi. “Hizbulloh” o‘z harakatlarini Tehronni qo‘llab-quvvatlash bilan izohlagan.

Livan armiyasi o‘z bo‘linmalari Nabatiya viloyatidagi Zovtar al-G‘arbiya shaharchasiga kirganini bildirdi. Harbiylar aholiga vaziyat barqarorlashmaguncha shaharchaga kirmaslikni va o‘z xavfsizliklari uchun harbiylar ko‘rsatmalariga amal qilishni so‘rab murojaat qildi.

Isroil harbiylari ham kuchlarni qayta joylashtirish boshlanganini tasdiqladi. Isroil rasmiylari Livanning “Hizbulloh”ni qurolsizlantirishiga shubha bilan qaramoqda. Shunday bo‘lsa-da, Tel Aviv iyun oyida erishilgan bu kelishuvni Livan bilan uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi muhim qadam deb hisoblaydi.

Ushbu voqealar fonida Livan prezidenti Jozef Aun Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda. Oq uy rahbari avvalroq Netanyaxuga Suriya va Livandan qo‘shinlarni olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar