Daryo

Janubiy Koreyada prezidentni hibsga olish uchun politsiya keldi (video)

Yun Sok Yolning qo‘riqchilari ularga qarshilik ko‘rsatmoqda. Politsiyaning salkam 3 ming xodimi jalb qilingan

2 daqiqa o‘qish23 970 ko‘rishlar0 izoh0

Janubiy Koreyada tergovchilar mamlakat prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olish uchun 3-yanvar kuni uning qarorgohiga keldi. Bu haqda Yonhap xabar berdi.

Jinoiy qidiruv xizmati va politsiya xodimlari Yun qarorgohiga mahalliy vaqt bilan taxminan soat 07:20 da kelgan. Taxminan soat 8:00 da 50 kishidan iborat tergov guruhi qarorgoh hududiga kirgan. Ammo u yerga kirishni harbiylar to‘sib qo‘ygan. Tergovchilar harbiylarning ikki liniyasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq prezident qo‘riqchilarining qarshiligiga duch kelgan.

Politsiya prezident qarorgohi atrofida tartibni saqlash uchun 45 ta maxsus kuch bo‘linmasi va 2,7 ming xodimni joylashtirgan. Qarorgoh yonida “prezidentni himoya qilish” va “impichmentni bekor qilish”ga chaqiruvchi 1 ming 200 nafar Yun tarafdorlari to‘plangan. Ularning ba’zilari politsiya bilan to‘qnashuvga kirishgan.

Koreyada ilk bor amaldagi prezident hibsga olinadi

Seulning G‘arbiy okrug sudi 31-dekabr kuni prezident Yun Sok Yolni hibsga olish uchun order berdi. Bunga lavozimidan chetlatilgan prezident qo‘zg‘olonga rahbarlik qilish va hokimiyatni suiiste’mol qilishda ayblanib, uch marta so‘roqqa kelmagani sabab bo‘ldi. Bu Janubiy Koreya tarixida amaldagi davlat rahbariga hibsga olish uchun order berilgan birinchi holatdir. Yonhap xabariga ko‘ra, tintuv uchun order ham berilgan.

Prezident harbiy holat joriy etishga uringani uchun hokimiyatdan chetlashtirilgandi

Janubiy Koreya parlamenti 14-dekabr kuni Yun Sok Yolni hokimiyatdan chetlatdi. Bunga davlat rahbari tomonidan 3-dekabr kuni siyosiy muxoliflarga qarshi kurashish maqsadida e’lon qilingan harbiy holat sabab bo‘ldi. Yunning qarori jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi, parlament harbiy holatni tezda bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Prezident vazifasini bajaruvchi dastlab mamlakat bosh vaziri Xan Dok Su bo‘ldi. Biroq, 27-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti uni ham hokimiyatdan chetlatishga ovoz berdi. Prezident vazifasini bajaruvchi lavozimida uning o‘rnini bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxve San Mok egalladi. U barqarorlikni tiklash uning siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini bildirdi.

Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilinishiga aloqador bo‘lgan bir necha amaldorlar, jumladan, sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va bir necha yuqori martabali harbiy razvedka xodimlari hibsga olingan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar