Janubiy Koreya sudi 27-iyul kuni mamlakatning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga 3 yillik sinov muddati bilan 18 oylik qamoq jazosini tayinladi (3 yil davomida biror marta ham qonunni buzmasa yoki yangi jinoyat qilmasa, belgilangan 18 oylik qamoq jazosi bekor qilinadi). U 2022-yilgi prezidentlik kampaniyasi paytida yolg‘on bayonotlar berib, saylov qonunchiligini buzganlikda aybdor deb topildi.
Agar ushbu hukm apellyatsiyadan keyin ham o‘z kuchida qolsa, Yun mansub bo‘lgan “Xalq hokimiyati” partiyasi 39,7 milliard von (27,1 million dollar) miqdoridagi mablag‘ni qaytarishga majbur bo‘ladi. Bu mablag‘ u prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan so‘ng Milliy saylov komissiyasi tomonidan saylov xarajatlari uchun qoplab berilgan edi.
Yolg‘on bayonotlar va sud qarori
Seul markaziy okrug sudi Yun Sok Yol 2022-yilgi prezidentlik kampaniyasi davrida yolg‘on gapirganini aniqladi. O‘shanda u sobiq soliq mulozimiga advokat tavsiya etganini rad qilgan edi. Shuningdek, u va uning rafiqasi — sobiq birinchi xonim Kim Gon Xi shaman Jon Song Bening oldiga bormaganini da’vo qilgandi. Saylov paytida bu munosabatlar jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lgandi.
Sud prokurorlarning dalillarini qabul qildi. Yun haqiqatan ham sobiq amaldorga advokat tavsiya etgani va rafiqasi orqali tanishgan shaman Jon bilan uzoq vaqt aloqada bo‘lib kelgani isbotlandi.
“Nomzod munozaralar va intervyular kabi katta ta’sirga ega ommaviy tadbirlarda shaxsan yolg‘on ma’lumot berganida, bu saylovchilarning qaror qabul qilishiga juda kuchli ta’sir ko‘rsatadi”, deyiladi sud qarorida.
Prokurorlar Yunga 2 yillik qamoq jazosini so‘ragan edi. Ularning ta’kidlashicha, Yunning bayonotlari saylov poygasi paytida unga nisbatan ayblovlarni yengillatishga yordam bergan.
Keyingi qadamlar va boshqa sud jarayonlari
O‘z aybini rad etgan Yun Sok Yol hukm ustidan shikoyat qilmoqchi. Bu haqda uning advokatlari ma’lum qildi. Janubiy Koreya saylov qonuniga ko‘ra, agar prezidentlikka nomzod g‘alaba qozonsa yoki kamida 15 foiz ovoz topsa, partiyaga saylov xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Agar nomzod keyinchalik qamoq jazosi yoki kamida 1 million von jarimaga tortilsa, partiya barcha mablag‘larni davlatga qaytarishi shart.
Boshqa ayblovlar
Yun Sok Yolga nisbatan boshqa jinoiy ishlar ham ko‘rilmoqda. Jumladan, u 2024-yil dekabr oyida harbiy holat e’lon qilgani sababli isyon ko‘tarishda ayblanmoqda. Fevral oyida quyi sud ushbu ish bo‘yicha uni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan edi. U shuningdek, iyul oyi boshida Seul markaziy okrug sudi tomonidan “Siyosiy kampaniyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunni buzganlikda aybdor deb topilib, ikki yilga hukm qilingan.








